Xoja Doniyor maqbarasi — bagʻrikenglik ramzi

 

🔴Amir Temurning bagʻrikenglik siyosatini koʻrsatgan majmua
 

🔴"Qaysi yurtda Doniyor xoklari boʻlsa, oʻsha yurtdan baraka arimas"
 

🔴"Ginnes rekordlari"ga kirmagan eng uzun qabr


 
  Samarqand shahrida joylashgan Xoja Doniyor maqbarasi – nafaqat Oʻzbekiston, balki butun islom olami va jahon ziyoratchilarini oʻziga jalb etib kelayotgan muqaddas qadamjo hisoblanadi. U haqda xalq orasida turli afsona va rivoyatlar avloddan avlodga oʻtib kelmoqda.

 

    Rivoyatlarga koʻra, bu qabr borasida ikki xil qarash mavjud. Bir guruh olimlar bu yerda nasroniy, islom va yahudiy manbalarda tilak qilingan paygʻambarlardan biri — Doniyor (Daniel) paygʻambar dafn etilgan, deb hisoblaydi. Boshqa maʼlumotlarga koʻra esa, Xoja Doniyor — sahobalardan biri boʻlib, u Samarqandda Qusam ibn Abbosning safdoshlaridan boʻlgan.

 

    Doniyor paygʻambar haqida turli dinlar manbalarda maʼlumotlar mavjud. Qurʼoni karimda nomma-nom tilga olinmasa-da, islom ulamolari uni paygʻambarlar safiga qoʻshgan. U qadimgi Bobilda yashagan, tushlarni taʼbir qilish va bitiklarni oʻqish qobiliyati bilan tanilgan, Bobil va Fors shohlarining hurmatini qozongan zot sifatida maʼlum.

 

    Maʼlumotlarga koʻra, Sohibqiron Amir Temur XIV asrda Kichik Osiyoga qilgan yurishlari davomida Doniyor paygʻambarning Shustar shahridagi qabrini ziyorat qilgan. Unga “qaysi yurtda Doniyor xoklari boʻlsa, oʻsha yurtdan baraka arimas”, degan gapni aytganlaridan soʻng, Sohibqiron paygʻambarning hokini Samarqandga olib kelishga qaror qilgan. Ayrim rivoyatlarga koʻra, faqatgina oʻng qoʻli va oyogʻi suyaklari olib kelingan boʻlib, bu joyda dafn etilgan.

 

    Bugungi kunda Xoja Doniyor maqbarasidagi qabrning uzunligi 18 metr boʻlib, u dunyodagi eng uzun qabrlardan biri hisoblanadi. Aytishlaricha, paygʻambar xoklari dafn etilgandan keyin qabr tabiiy ravishda choʻzilgan. Unga mos ravishda maqbara qurilgan. Bu manzilga kelgan ziyoratchilar qabrning ulkanligi va muqaddasligidan hayratga tushadilar.

 

    Maqbara hududida shifobaxsh deb eʼtiqod qilinuvchi buloq ham mavjud boʻlib, u otning tuyoq ostida paydo boʻlgani haqida rivoyat bor. Ziyoratchilar ushbu buloq suvidan ichib, shifo umidida tashrif buyuradilar. Bu maskanni har yili musulmonlar, nasroniylar va yahudiylar ziyorat qilishi uning insoniyat uchun umumiy madaniy va diniy qadriyatga aylanganidan dalolat beradi.

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan Amir Temurning bagʻrikenglik siyosatini koʻrsatish maqsadida Xoja Doniyor maqbarasi tarixidan kelib chiqib maxsus videorolik yaratilishi rejalashtirilgan.