Kontentni toʻgʻri shakllantirish, tizimlashtirish va ishlab chiqarishga tayyorlash jarayoni qanday ketmoqda?

 

🔴Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida global uygʻunlik
 

🔴 Xorij tajribasi bilan zamonaviy tus olayotgan maʼrifat makoni


 

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzey ekspozitsiyasi uchun kontentlar maxsus ishlab chiqilgan standartlar va metodologik koʻrsatmalar asosida tayyorlanmoqda. Jumladan, eksponatlar joylashuvi, multimedia vositalarining formati va foydalanuvchi uchun qulaylikni taʼminlovchi vizual yechimlarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

 

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida boʻlib oʻtgan navbatdagi Kengaytirilgan Ilmiy kengash yigʻilishi kun tartibida ana shu masala ham tahliliy koʻrib chiqildi. Unda Fransiyaning “Avesto group” kompaniyasi direktori Annabel Diot boshchiligidagi jamoa markaz ekspozitsiyasi dizayni boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida atroflicha axborot berdi.



 

    Yigʻilishda taʼkidlanganidek, markaz doimiy ekspozitsiyasini yaratish jarayonida turli sohalar vakillari — olimlar, ilmiy xodimlar, dizaynerlar va multimedia mutaxassislaridan iborat jamoalar oʻz bilim va salohiyatlarini safarbar etgan holda faol hamkorlikda ish olib borishmoqda.

 

    Yigʻilish avvalida Markaz rahbari, Ilmiy kengash raisi Firdavs Abduxoliqov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilayotgan ushbu markaz ochilishi uchun tayyorgarlik ishlari jadallik bilan davom etayotgani va oldinda turgan vazifalarga toʻxtaldi.

 

– Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimi uchun olib borilayotgan ishlar jadal surʼatda davom etmoqda. Olimlar, ilmiy kengash aʼzolari, ilmiy xodimlar bilan bir qatorda Fransiya, Italiya, Turkiya, Rossiya kabi xorijning nufuzli kompaniyalari ham markaz dizayni ustida tunu kun ishlashyapti. Maqsad Markaz muzeyi ekspozitsiyasini Prezidentimiz tomonidan qoʻyilgan vazifalarga mos ravishda boyitish, ham ilmiy, ham zamon nuqtai nazaridan barcha aholi qatlamlari uchun maʼrifat maskaniga aylantirish, – dedi Markaz rahbari.

 

    Qayd etilishicha, ekspozitsiya yagona mazmun va ruhda yangrashi uchun uning barcha tarkibiy qismlarini uygʻunlashtirish muhim sanaladi. Shu nuqtai nazardan ekspozitsiya kontentini toʻgʻri shakllantirish, tizimlashtirish va ishlab chiqarishga tayyorlash yuzasidan aniq mezonlar ishlab chiqilgan.

 

    Doimiy ekspozitsiyaning asosini tashkil etuvchi kontent turlariga eksponatlar, yozma manbalar, multimediaviy va interaktiv yechimlar hamda alohida ahamiyatga ega boʻlgan noyob eksponatlar kiradi. Barcha maʼlumotlar lotin alifbosidagi oʻzbek va ingliz tillarida taqdim etilishi belgilangan.

 

    Kontentlar maxsus ishlab chiqilgan standartlar va metodologik koʻrsatmalar asosida tayyorlanmoqda. Jumladan, eksponatlar joylashuvi, multimedia vositalarining formati va foydalanuvchi uchun qulaylikni taʼminlovchi vizual yechimlarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

 

    Ilmiy kengash aʼzolari bilan hamkorlikda yozma materiallar uchun maxsus shablon va uslubiy yoʻriqnomalar ishlab chiqilgan boʻlib, har bir bosqichda tekshirish va tahrir ishlari amalga oshirilmoqda. Bu esa kontentning aniq, maqsadli va taʼsirchan chiqishiga xizmat qiladi.



 

    Boʻlib oʻtgan navbatdagi yigʻilishda ayni shu masalada muzey ekspozitsiyasi boʻlimlari koordinatorlari tomonidan Fransiyaning “Avesto group” kompaniyasi vakillariga taqdim etilishi lozim boʻlgan maʼlumotlar tahlili koʻrib chiqildi. 

 

    Bu borada jarayon biroz kechikayotgani, kerakli maʼlumotlar belgilangan meʼyorlar asosida ishlab chiqilishi va joylashtirilishi uchun tegishli matnlar oʻz vaqtida taqdim etilmayotgani taʼkidlandi. Shuningdek, multimediaviy kontentlarni tizimlashtirish va ilmiy maʼlumotlar bilan uygʻunlashtirish masalasida ham tezkorlik oshirish talab qilinayotgani qayd etildi. 

 

    Markaz rahbari bu masalada boʻlimlar ishchi guruh rahbarlari va koordinatorlariga ushbu holatni bartaraf etish boʻyicha qatʼiy topshiriq berdi. Kompaniya vakillari esa agar maʼlumotlar oʻz vaqtida taqdim etilsa, tez orada zimmasidagi vazifani toʻlaqonli yakuniga yetkazishini taʼkidladi.

 

    Kengash yigʻilishida shu kabi 10 ga yaqin masala koʻrib chiqildi va har biri boʻyicha kengash aʼzolari qarori qabul qilindi.