Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi atrofi zamonaviy art-obʼektlar bilan boyitiladi
🔴 Oila, vatan, til, ilm, bagʻrikenglik ifodalari
🔴 Markaz haqidagi birinchi taassurot manbalari
Toshkent shahrida barpo etilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi atrofida milliy va umuminsoniy qadriyatlarni targʻib etuvchi zamonaviy art-obʼektlar barpo etilishi rejalashtirilmoqda.
Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan ishlab chiqilgan art-obʼektlar loyihalari markazda oʻtkazilgan Kengaytirilgan ilmiy kengash yigʻilishida taqdim etildi. 20 dan ortiq loyihalarning muallifi oʻz ishlarini namoyish qildi. Loyihalar oila, vatan, til, ilm, bagʻrikenglik kabi oltita asosiy yoʻnalishni oʻz ichiga oladi.
Yigʻilishda taʼkidlanishicha, mazkur obʼektlar nafaqat estetik jihatdan, balki maʼnaviy-maʼrifiy jihatdan ham kuchli taʼsirga ega boʻlishi lozim. Ular yosh avlodni ilm, tafakkur va ijod sari yoʻnaltirishi kerak.
Akademik Akbar Hakimov tomonidan ayrim loyihalar badiiy va gʻoyaviy jihatdan tahlil qilindi. Uning taʼkidlashicha, obʼektlar islomiy sanʼat talablariga mos boʻlishi, ortiqcha tafsilotlar va inson obrazlaridan ehtiyot boʻlingan holda yaratilishi lozim.
— Markaz atrofidagi art-obʼektlar zamonaviy sanʼat talablari asosida ishlangan boʻlsa-da, ayrimlarida mayda tafsilotlar va keraksiz sergaplik mavjudligi ularning badiiy kuchini susaytiradi. Ayniqsa, islom sanʼati mezonlari nuqtai nazaridan inson obrazlarini tasvirlashda ehtiyotkorlik zarur. Chunki mehmonlar markazga tashrif buyurganida, eng avvalo ana shu obʼektlar orqali ilk taassurotga ega boʻladi. Shu bois, ular islom sivilizatsiyasining mazmun-mohiyatini chuqur ochib bera oladigan, maʼnaviy jihatdan boy kirish eshigi vazifasini bajarishi zarur, — dedi u.
Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi birinchi oʻrinbosari Davronbek Maqsudov esa taqdim etilgan loyihalarda innovatsion yondashuvlar borligini qayd etdi. Uning taʼkidlashicha, markazga tashrif buyuruvchi yoshlar va xorijiy mehmonlar uchun bu art-obʼektlar ruhiy-maʼnaviy izlanishga chorlovchi obrazlar boʻlishi lozim.
Yigʻilish yakunida eng munosib loyihalarni saralab olish maqsadida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mutaxassislari, ilmiy kengash aʼzolari, taniqli rassom va haykaltaroshlardan iborat maxsus ishchi guruh tuzish taklifi bildirildi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
