3000 yillik davlatchilik tarixini aks ettiruvchi maxsus ustunlar: nima, qachon, qayerda?
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasining “Yangi Oʻzbekiston – Yangi Renessans poydevori” boʻlimida mamlakatimiz tarixidagi 3000 yillik davlatchilik anʼanalariga bagʻishlangan maxsus ustunlar oʻrnatilmoqda. Bu haqda markazning navbatdagi Kengaytirilgan Ilmiy kengashi yigʻilishida maʼlum qilindi.
Ekspozitsiyadagi har bir ustun oʻziga xos bir davrning meʼmoriy uslubi, madaniy muhiti, ilmiy yutuqlari va davlatchilik shakli haqida badiiy va maʼlumotli obrazda soʻzlab beradi. Ustunlarda tegishli tarixiy manbalarning mulyajlari, faksimilelari va zaruratga qarab asl nusxalari joylashtiriladi.
Qadimgi Xorazm, Baqtriya va Sugʻd sivilizatsiyalari davrini aks ettiruvchi ustunda zardushtiylik dinining muqaddas kitobi “Avesto” namoyon qilinadi. Navbatdagi ustunlarda esa Hunlar, Qarluqlar, Turk hoqonliklari kabi turkiy sulolalar, Urxun-Enasoy yozuvlari, Tunuyuquq, Bilga hoqon va Kultegin kabi tarixiy shaxslarga oid maʼlumotlar joy oladi.
Birinchi Renessans davri uchun tanlangan “Qutadgʻu bilig” va Temuriylar hamda Shayboniylar, Boburiylar davrini ifodalovchi “Temur tuzuklari” ekspozitsiyaning markaziy asarlaridan biri sifatida namoyon etilmoqda.
Zamonaviy davlatchilikni ifoda etuvchi ustunda esa “Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasi, 2022 yilda qabul qilingan Yangi Konstitutsiya va uning asosiy tamoyillari, mamlakat taraqqiyotidagi yangi bosqich keng yoritiladi.
— Bu ustunlar orqali davlatchilik evolyutsiyasi faqat tarixiy maʼlumot emas, balki milliy iftixor, tafakkur va kelajakka ishonch tuygʻusini uygʻotishga xizmat qiladi, — dedi markaz ilmiy kotibi Rustam Jabborov taqdimot chogʻida.
Ekspozitsiyaning mazkur qismi tomoshabinga vizual, maʼrifiy va ilmiy jihatdan mukammal hikoya taqdim etishni maqsad qilgan boʻlib, “Yangi Renessans” gʻoyasining mazmun-mohiyatini yanada chuqurroq ochib beradi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
