Oʻzbekiston — shaxmat beshigi: Amir Temurdan Sindorovgacha uzluksiz meros

 

🔴 Shaxmat taxtasi ustidagi ulkan tarix
 

🔴 Taxt va tafakkur: Oʻzbekistonning shaxmat sivilizatsiyasi




    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida “Oʻzbekiston – shaxmat vatani” mavzusi ilk bor keng va toʻlaqonli tarzda namoyon etilmoqda. Ushbu kompozitsiya orqali yurtimizda shaxmatning ildizlari, uning ilmiy va strategik jihatdagi qadr-qimmati hamda zamonaviy taraqqiyoti uygʻun tarzda aks ettiriladi.

 

    Ekspozitsiyaning markaziy gʻoyasi — shaxmat Oʻzbekistonda nafaqat oʻyin, balki tafakkur, zehn va davlat boshqaruvi bilan bogʻliq madaniy fenomen sifatida yuksak baholangani haqidadir.
 

    Tarixiy uch bosqichda tasvirlangan loyihaning birinchi qismida yurtimizda paydo boʻlgan ilk shaxmat singari oʻyinlar, ularning jamiyatdagi oʻrni haqida hikoya qilinadi. Ikkinchi bosqichda esa shaxmatning bilim va fikrlash ramzi sifatida qabul qilingan davrga nazar tashlanadi.

 

    Uchinchi qism Temuriylar davridagi zehn siyosatiga bagʻishlangan boʻlib, tarixiy manbalarda qayd etilgan epizodlar orqali shaxmatning arab va Yevropa dunyosiga Oʻrta Osiyo orqali tarqalgani tasvirlanadi. Amir Temur saroyidagi shaxmat muhiti va u orqali jang strategiyalarini shakllantirishi markaziy sahnalardan biridir.

 

    Ekspozitsiyaning eng taʼsirli nuqtasi — tarix va bugunni uygʻunlashtiruvchi simvolik oʻtishdir: Amir Temurning hal qiluvchi yurishi zamonaviy kadrga ulanib, uni yosh grossmeyster Javohir Sindorovning mot qiluvchi harakati davom ettiradi. Bu oʻtish orqali Prezidentimiz rahnamoligida shaxmatga qaratilayotgan eʼtibor, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va milliy oʻzlikdagi davomiylik aks ettiriladi.


 

“Bu kompozitsiyaning maqsadi — Amir Temur shaxmatga strategik yondashganini va bu meros bugungi kunda ham milliy oʻzligimizda yangicha ruhda yashab kelayotganini koʻrsatishdir”, – deydi loyiha muallifi Envision VFX direktori Behruz Poʻlatov.