“Islomgacha davr”ni qayta kashf etish: tarix, texnologiya va tasavvur uygʻunligi


🔴 Islomgacha davrni tadqiq etishda ilmiy asos va madaniy meros

 

🔴 Interaktiv ekspozitsiya orqali tarixni jonli his qilish



 

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Islomgacha boʻlgan davr boʻlimi ekspozitsiyasini takomillashtirishga bagʻishlangan navbatdagi ilmiy-amaliy muhokama yigʻilishi oʻtkazildi. Unda Markaz ilmiy xodimlari, tarixchi olimlar, arxeologlar, muzeyshunoslar hamda Turkiyaning “Outdoor Factory” kompaniyasi dizaynerlari va xalqaro hamkorlar ishtirok etdi.

 

    Yigʻilishning asosiy mavzusi — Islom dini paydo boʻlishidan avvalgi davrni qamrab olgan ekspozitsiyani ilmiy jihatdan boyitish, tarixiy ruhni chuqur aks ettirish, interaktiv va immersiv yondashuvlarni joriy etish orqali ekspozitsion muhitni zamonaviy texnologiyalar asosida yangilashdan iborat boʻldi.

 

     Muhokamada quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha muhim taklif va fikrlar ilgari surildi:

 

➖Poleolit davridan boshlab, Islom dini kirib kelgunga qadar boʻlgan bosqichlarni ilmiy asosda yoritish;

 

➖Petrogliflar, afsona va miflar, Zardushtiylik izlari, qadimiy turmush tarzi, Buyuk Ipak yoʻli orqali yuzaga kelgan madaniy aloqalarni ekspozitsiyada namoyon etish;

 

➖Immersiv xona konsepsiyasi asosida tashrif buyuruvchilarni tarixiy sayohatga chorlovchi fazoni yaratish;

 

➖Arxeologik topilmalar — tangalar, matolar, muhrlar, haykalchalar va boshqa moddiy meroslar orqali vizual va mazmunan boy ekspozitsiyani shakllantirish.



 

     Yigʻilishda “Outdoor Factory” kompaniyasi tomonidan Islomgacha boʻlgan davrga oid immersiv xona loyihasi taqdim etildi. Taqdimotda ilgari bildirilgan mulohaza va tavsiyalar inobatga olingan holda, yangi dizaynerlik yechimlari, fazoviy oʻyinlar, yoritish texnologiyalari va sensor imkoniyatlar taklif etildi.

 

    Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov ushbu boʻlimga qoʻyiladigan yuksak talablarni taʼkidlab, shunday fikr bildirdi:

 

“Islomgacha davr boʻlimi faqat tarixiy maʼlumotlarni taqdim etuvchi joy emas, balki har bir tashrif buyuruvchi uchun oʻtmishni his qilish, qadimiy turmush tarzi va maʼnaviyatni anglash imkonini beradigan ruhiy makon boʻlishi lozim. Soʻgʻd va Baqtriya singari sivilizatsion koʻrinishlar, Choch pavilyonidagi hududiy xususiyatlar — bularning barchasi ekspozitsiyada ilmiy asos va vizual mahorati bilan ifodalanishi shart. Har bir detal tarixni soʻzlashi kerak.”



 

    Yigʻilish yakunida ishtirokchilar — tarixchilar, dizaynerlar va markaz mutaxassislari oʻrtasida konstruktiv fikr almashinuvi boʻlib oʻtdi. Barcha tomonlar ekspozitsiyani yaratishda tarixiy haqiqat, estetik namoyonlik va zamonaviy texnologiyalar uygʻunligini taʼminlash muhimligini alohida qayd etdilar.