Ilmga yetaklovchi yetti qadam: “Birinchi Renessans” mazmunli kapsulalarda

 

🔴 Sharq mutfakirlari merosi – zamonaviy ekspozitsiyada

 

🔴 Fikr, ilm va eʼtiqod uygʻonishi



 

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida joylashtirilishi rejalashtirilgan “Birinchi Renessans” davriga bagʻishlangan ekspozitsiya konsepsiyasining tuzilishi va mazmun-mohiyati yuzasidan navbatdagi ilmiy muhokamalar boʻlib oʻtdi.

 

    Yigʻilishda ekspozitsiyaning umumiy gʻoyasi, yettita mavzuli kapsula, ularga joylashtiriladigan eksponatlar, vizual yechimlar va matnli materiallar maʼlumotlari yakuniy bosqichda koʻrib chiqildi. Ekspozitsiya ilmiy, falsafiy va maʼnaviy merosni yoritishga yoʻnaltirilgan boʻlib, quyidagi asosiy yoʻnalishlarni qamrab oladi:

 

    Islom dinining Markaziy Osiyoga kirib kelishi — bu kapsulada Rasululloh (s.a.v.) tomonidan yozilgan maktublar, kattalashtirilgan Qurʼon nusxalari, Kaʼba yopinchigʻi (Kisva), Kaʼba eshigining ramziy kaliti kabi eksponatlar namoyon etiladi. Shuningdek, ikki tomonlama va bir tomonlama koʻrinishdagi vitrinalarda ushbu davrga oid qoʻlyozmalar va artefaktlar oʻrin oladi. Usmon Mushafi sahifalari ekspozitsiyaning asosiy vizual yechimlaridan biri boʻladi.

 

Islom aqidasi va tasavvuf — bu kapsulada Imom Moturidiy va u bilan bogʻliq taʼlimotlar, tasavvuf va kalom sohalariga oid asarlar taqdim etiladi.

 

Fiqh, hadis, tafsir va siyrat — Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi ulugʻ muhaddislarning asarlari, jumladan, “Jomeʼ as-Sahih”, “Shamoil al-Muhammadiya” kabi nodir qoʻlyozmalar koʻrgazmaga qoʻyiladi.

 

Aniq va tabiiy fanlar — bu kapsulada Ibn Sino, Beruniy kabi mutafakkirlarning ilm-fanga qoʻshgan ulkan hissasi yoritiladi.

 

Baytul Hikma maktabi va uning merosi — Al-Xorazmiy, Forobiy, Fargʻoniy kabi olimlar asarlari va ilmdagi oʻrni taqdim etiladi.

 

Ijtimoiy-gumanitar fanlar — bu yerda turkiy adabiyot, lugʻatshunoslik, falsafa, mantiq sohalari boʻyicha maʼlumotlar beriladi. Xususan, Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig”i, “Devonu lugʻotit turk”, Zamaxshariyning “Mufassal” va “Muqaddimatul adab” kabi asarlar faqsimile nusxalari bilan namoyon etiladi.

 

Xorazm Maʼmun akademiyasi — ekspozitsiyaning markaziy boʻlimi boʻlib, Ibn Sino, Beruniy, Ibn Masih, Ibn Isqaviy kabi olimlarning hayoti va ilmiy faoliyati qamrab olinadi.

 

     Ekspozitsiya devorlarida ilm, maʼrifat va johillik haqidagi Qurʼon oyatlari, Falaq surasining ilk oyatlari, ilm-fanga bagʻishlangan naqshlar va Shotlandiya kolleksiyasidan keltirilgan nodir eksponatlar joy oladi.



 

     Ekspozitsiyaning dizayn yechimlari va vizual konsepsiyalari Italiyaning Magister Art kompaniyasi mutaxassislari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan boʻlib, muhokama davomida ular yuzasidan tegishli mulohazalar bildirildi hamda milliy mentalitet va tarixiy xosliklarga moslashtirish yuzasidan takliflar ilgari surildi.

 

    Muhokama yakunida ekspozitsiyaning umumiy gʻoyasi maʼqullanib, keyingi amaliy bosqichlar uchun zaruriy tavsiyalar ishlab chiqildi.