Tarixiy “post”: Amir Temurning qoya bagʻriga muhrlangan duosi


🔴 Amir Temur sultonligidan soʻzlayotgan tosh

 

🔴 Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi boshlagan xayrli ish



 

    Har bir xalqning xotirasi, oʻtmishi va faxri uning tarixiy merosida aks etadi. Bunday manbalar orasida toshlarga bitilgan yodgorliklar, ayniqsa, xalqning ruhiy dunyosi, siyosiy tafakkuri va maʼnaviy merosini teran ifoda etadi. Ana shunday qimmatli yodgorliklardan biri — Amir Temur davriga taalluqli boʻlgan, 2 tonna ogʻirlikdagi bitiktoshdir. Bu tarixiy yodgorlik hozirgi Qozogʻiston hududida topilgan boʻlib, ayni paytda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan uning mulyaji (nusxasi)ni tayyorlash ishlari olib borilmoqda.

 

     Ulugʻtogʻdagi toshdagi iz


    Bitiktosh — 1391 yil aprel oyida, Amir Temurning Toʻxtamishxonga qarshi ikkinchi yurishi chogʻida, Qozogʻiston hududidagi Ulugʻtogʻ etaklarida yozilgan. Yurish haqida “Temur tuzuklari” asarida ham maʼlumotlar bor. Rivoyatlarga koʻra, Temurbek toqqa chiqqan paytda ruhiy ilhomlanish tufayli bu yurishni yod etish maqsadida qoyaga yozuv yozdirgan. Bugungi kunda ushbu tepalik “Oltin choʻqqi” deb ataladi.

 

     Topilma siri

 

    1935 yilda mazkur bitiktosh Qozogʻistonning Qaragʻanda viloyatidagi Qarsaqboy koni yaqinidan geolog K.I. Satpayev tomonidan topilgan. Shundan soʻng olim K.I. Rojnov yozuvni maxsus usulda ravshanlashtirib, uni suratga oladi va Moskvaga, Fanlar akademiyasiga yuboradi. 1936 yilda Ermitaj direktori I.A. Orbeli imzosi bilan maxsus ekspeditsiya tashkil etiladi. Shunday qilib, tarixiy tosh Leningradga olib ketilib, Ermitaj muzeyiga topshiriladi.


     Toshdagi sulton soʻzlari


    Tadqiqotchilarning taʼkidlashicha, bitiktoshdagi matn 11 satrdan iborat. Ilk 3 satr arab alifbosida, qolganlari esa uygʻur yozuvida bitilgan. Arab yozuvida “Basmala” va Allohning goʻzal ismlari keltirilgan boʻlsa, uygʻur yozuvidagi satrlardan birida shunday mazmundagi iboralar oʻrin olgan:

 

“Tarixning yetti yuz toʻqson uchinchi qoʻy yilida Turonning sultoni Temurbek uch yuz ming qoʻshin bilan islom uchun Toʻxtamishxon xoniga yurish qildi. Bu yerda belgi boʻlsin deb, ushbu toshni oʻrnatdi. Tangri insof bergay, in shaa Alloh. Tangri el kishi (fuqaro)ga rahmat qilgay, bizni duo bilan yod qilgay.”

 

    Bu matn nafaqat tarixiy voqea, balki Amir Temurning ruhiy dunyosi, oʻz xalqiga va islomiy qadriyatlarga boʻlgan sadoqatini ham ifodalaydi.

 

     Tadqiqotlar va yozuv texnikasi


    Toshga hech qanday sunʼiy ishlov berilmagan. Harflar balandligi 1 sm.dan oshmaydi, chuqurligi esa 1,5-2 mm atrofida. Uygʻur yozuvi eʼtibor bilan, aniq oʻyilgan. Arab yozuvi esa noaniqroq va shoshilinch bitilgan koʻrinadi. Diakritik belgilar berilmagani sababli baʼzi satrlarni oʻqish qiyinlashgan. Bu haqda A.P. Grigorev, N.N. Telisin va O.B. Frolova tomonidan yozilgan maqolada ham maʼlumot berilgan.

 

     Mulyaj — tarixiy adolatni tiklash


    Ayni paytda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashabbusi bilan ushbu bitiktoshning mulyaji tayyorlanmoqda. Rossiya Davlat Ermitaji muzeyi olimlari hamkorligida amalga oshirilayotgan bu ish — tarixiy adolatni tiklash, Amir Temur merosini yangi avlodga yetkazishga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi.

 

     Tarix toshda ham gapiradi


    Bitiktosh — bu oddiy yozuv emas. U — davlatchilik, eʼtiqod, yurishlar va ruhiy merosning bir toshdagi ifodasi. Amir Temurning Ulugʻtogʻdagi bitiktoshi — bu nafaqat tarixning sahifasi, balki maʼnaviy ramz, xalq xotirasi va milliy oʻzlikni anglash vositasidir.