Tarixning tilsiz guvohlari nimadan dalolat beradi?

 

🔴Oʻzbekistondagi megaloyihada tillada yozilgan sahifalar

 

🔴 500 yillik hadislar yigʻindisi


    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida oʻtkazilgan navbatdagi ilmiy kengash yigʻilishida fuqarolar tomonidan markaz ekspozitsiyasi uchun taqdim etilgan bir qator noyob eksponatlar muhokama qilindi. Yigʻilishda qadimiy qoʻlyozmalar, Qurʼon nusxalari va tarixiy hujjatlar ilmiy, tarixiy va estetik jihatdan baholandi.



 

    Kengash aʼzolari, olimlar va mutaxassislarda taqdim etilgan ashyolar orasida Buxoroda, taxminan Amir Nasrulloh davrida koʻchirilgan Qurʼoni Karim nusxasi alohida eʼtibor qozondi. Odatda Qurʼon nusxalarining faqat muqaddima va xotima sahifalari bezatiladi. Mazkur nusxaning esa har bir beti oʻziga xos naqshlar bilan ziynatlangan boʻlib, sahifalariga tilla suvi yuritilgan. Ushbu nodir asar va unga mos boʻlgan lavh ekspertizaga yuborilishi belgilandi.

 

    Shuningdek, Xiva shahrida koʻchirilgan, 500 yillik tarixga ega boʻlgan hadislar toʻplami — noyob qoʻlyozma ham namoyish etildi. Unda Imom Buxoriy va Imom Termiziyning asarlaridan olingan, eng ishonchli 23 ta hadis jamlangan. OʻzR FA vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimovning taʼkidlashicha, bu kabi qoʻlyozmalar Markaz ekspozitsiyasini ilmiy va mazmunan boyitishda muhim oʻrin tutadi.

 

    Eksponatlar orasida XIX asrda Qohirada tayyorlangan va masjidlar intererida dekor sifatida ishlatilgan diniy oyatlar yozilgan ikki mato ham Kengash yigʻilishi qatnashchilariga namoyish etildi.


    Ulardan biriga “Oyatul Kursiy” bitilgan. Bu ashyolar  maʼlumot sifatida qabul qilindi.


    Yigʻilishda shuningdek, yana 10 ga yaqin tarixiy hujjat va manbalarning ilk koʻrigi oʻtkazilib, ular ekspertizaga yuborildi. Qabul qilingan qarorlarga koʻra, markazda eksponatlarni qabul qilishning qatʼiy va ilmiy tartibi yoʻlga qoʻyilgan.