Saljuqiylar davriga oid koʻza OʻzITsM ekspozitsiyasidan oʻrin olishi kutilmoqda
Islom madaniyatining gullab-yashnagan davrlaridan biri — Saljuqiylar sulolasi hukmronligi davrida (XI–XIII asrlar) yaratilgan betakror buyumlari orasida ushbu oltin qoplamali kumush koʻza alohida oʻrin tutadi. Taxminlarga koʻra, bu sanʼat namunasi 1180–1210 yillar oraligʻida Movarounnahr yoki Xuroson hududida ishlab chiqilgan.
Koʻza yuqori sifatli kumushdan yasalgan boʻlib, uning yuzasi oʻta nozik va murakkab geometrik hamda oʻsimliksimon naqshlar bilan bezatilgan. Ustidagi oltin qoplama esa ushbu buyum nafaqat amaliy, balki saroy anjumani yoki marosimlar uchun moʻljallangan yuksak hunarmandchilik mahsuloti boʻlganini koʻrsatadi.
Artefaktdagi naqshinda nafaqat Saljuqiylar uslubiga xos yuksak zargarlik sanʼati namoyon boʻladi, balki uning orqasida davr madaniyati, dunyoqarashi va ijtimoiy munosabatlari ham oʻz ifodasini topgan. Bunday buyumlar elita qatlami hayoti, hunarmandchilik markazlari, savdo yoʻllari va islom sivilizatsiyasidagi estetik ideallar haqida bebaho maʼlumotlar manbai sanaladi.
Ayni vaqtda ushbu koʻza Britaniya muzeyida saqlanib, jahon jamoatchiligiga Islom sanʼatining betakror namunasi sifatida taqdim etilmoqda.
Islom sivilizatsiyasi markazi ushbu va shunga oʻxshash tarixiy artefaktlar orqali oʻz ekspozitsiyalarini boyitish hamda islom dunyosi hunarmandchiligi va sanʼatining yuksak ildizlarini tadqiq etish, jamoatchilikka yetkazishda izchil harakat qilmoqda.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
