Oʻzbekistonda islom merosini targʻib etuvchi xalqaro tashabbus amalga oshirilmoqda


🔴 Ilmiy va madaniy diplomatiya uchun yana bir imkon


🔴 Islom sivilizatsiyasining zamonaviy xalqaro maydoni 




    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida xalqaro ahamiyatga ega yirik tashabbus amalga oshirilmoqda: Prezident tashabbusi va gʻoyasi bilan bunyod etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi binosining ikkinchi qavati zamonaviy talablarga javob beradigan, ilm-fan, madaniyat va gumanitar hamkorlikka xizmat qiladigan xalqaro platforma sifatida jihozlanmoqda. 

 

    Markaz Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishida qayd etilishicha, ushbu loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining strategik dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan boʻlib, asosiy maqsad – islom maʼnaviy anʼanalari va mamlakatimiz tarixiy-ilmiy merosi asosida yangi avlod uchun intellektual, madaniy va gumanitar makon yaratishdir.

 

    Bu tashabbus jahon sivilizatsiyasida islom olamining oʻrni va hissasini keng targʻib qilish, shu bilan birga, Oʻzbekistonning boy madaniy merosini xalqaro miqyosda namoyish etishda muhim platformaga aylanadi.

 

     Loyihaning asosiy vazifalari:


▪️Islom sivilizatsiyasining jahon fan va madaniyatiga qoʻshgan hissasini ommalashtirish;


▪️Oʻzbekistonning madaniy va ilmiy merosini xalqaro hamjamiyatga yetkazish;


▪️Xalqaro tashkilotlar, muzeylar va ilmiy institutlar bilan qoʻshma tadqiqotlar, koʻrgazmalar, forumlar oʻtkazish;


▪️Ilmiy va madaniy diplomatiyani rivojlantirish, ochiq muloqotni kuchaytirish.




    Ikkinchi qavat ekspozitsiyasi 13 mavzuli blokdan tashkil topib, ularda Oʻzbekiston va turli davlatlar oʻrtasidagi madaniy-ilmiy aloqalar, tarixiy voqealar va umuminsoniy qadriyatlar yoritiladi.

 

     Mavzuli bloklar quyidagilardan iborat:


➖Oʻzbekiston – Vengriya aloqalari va Armin Vamberining sayohatlari;


➖90 tomlik “Madaniy meros” seriyasi va xalqaro olimlar hamkorligi;


➖Oʻzbekiston – Italiya: “Kaxri Qalʼa” orqali sivilizatsiyalar muloqoti;


➖XX asr boshi – Jadidlar davri va Xudoybergan Devonov merosi;


➖Buyuk Temuriylar va Boboxonovlar merosi;


➖Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar madaniyati;


➖Milliy kutubxona bilan qoʻshma koʻrgazma;


➖Yangi Oʻzbekistonga bagʻishlangan maxsus ekspozitsiya va boshqalar.


    Barcha bloklar zamonaviy multimedia texnologiyalari bilan jihozlanib, videoxronika, fotosuratlar, kartalar va badiiy bezaklar orqali xalqaro platforma muhitini yaratadi. Axborot materiallari milliy va xalqaro tillarda taqdim etiladi.

 

    Markaz rahbari, Ilmiy kengash raisi Firdavs Abduxoliqovning taʼkidlashicha, ikkinchi qavat nafaqat koʻrgazma, balki xalqaro ilmiy-madaniy hamkorlik markazi sifatida ham faoliyat yuritishi rejalashtirilgan.