Kinoijodkorlar bilan medialoyihalar uchun maxsus filmlar va roliklar yaratish masalasi muhokama qilindi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida hujjatli filmlar suratga olish jarayonlariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda markaz rahbari Firdavs Abduxoliqov, Kinematografiya agentligi rahbari Shuhrat Rizayev, Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi direktori Furqat Usmonov, “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” vakillari hamda markaz olimlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda markaz ekspozitsiyasi uchun hujjatli filmlar tayyorlash, ularni zamonaviy media kontentlar asosida boyitish, targ‘ibot salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi. Amir Temur va Temuriylar mavzusi misolida tarixiy shaxslarning ma’rifiy qiyofasini keng yoritish, bunyodkorlik faoliyatini yorituvchi rang-barang videomahsulotlar yaratish muhimligi ta’kidlandi.
"Markaz ekspozitsiyasini yaratishda biz hukmdorlarning bunyodkorlik ishlariga alohida e’tibor beryapmiz. Masalan, Sohibqiron Amir Temur va Temuriylar bo‘limida Amir Temurning ilm-ma’rifat yo‘lida amalga oshirgan ulug‘vor faoliyatiga urg‘u beriladi va e’tibor qaratiladi. Bunyod etgan madrasalari, yo‘lsozlikdagi, bog‘-rog‘ yaratishdagi, ko‘prik qurdirishdagi ishlari ochib beriladi. O‘sha davrda yetishib chiqqan allomalar, shoir-u, fuzalolar faoliyatiga asosiy rakurslarni qaratyapmiz. Hujjatli filmlar suratga olinishida ham ana shu jihatlar inobatga olinishi kerak. Tarixiy siymolarni yaratishda bolalar uchun ham maxsus kontentlar bo‘lishi zarur. Shuning uchun tarixiy siymolar haqida animatsion formatda mahsulotlar yaratish g‘oyasi ilgari surilyapti. Shuningdek, hujjatli filmlar rangdor va tomoshabinni kengroq jalb qilishi uchun barcha imkoniyatlardan foydalanish kerak. Shuningdek, hujjatli filmlarda zamon bilan hamnafaslik ufurib turishi kerak. Bunda axborot texnologiyalarni yaxshi biladigan, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalana oladigan yoshlarni jalb qilishni taklif qilaman", — dedi Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov.
Kinematografiya agentligi rahbari Shuhrat Rizayev ilmiy asoslangan, ekspozitsiya mavzusiga mos hujjatli filmlar yaratishda markaz olimlari bilan hamkorlik qilish muhimligini bildirdi.
"Birinchi bosqichda kino fondimizda mavjud filmlardan ekspozitsiya uchun o‘nlab variantlarni taqdim etishimiz mumkin. Ammo bunga jiddiy e’tibor qaratishimiz kerak. Bunda agentligimizda maxsus ishchi guruh tuzilgan, mas’ullar biriktirilgan, ular allaqachon ishlarni boshlab yuborgan. Tariximizda avlodlarga namoyish etiladigan manbalar ko‘p. Biz bunda markaz tomonidan loyihalarga biriktirilgan olimlar bilan hamkorlikda ekspozitsiya uchun munosib hujjatli filmlar taqdim etishni oldimizga maqsad qilganmiz", — dedi Shuhrat Rizayev.
Tadbir yakunida kino mutaxassislari va ekspozitsiya bo‘limlari uchun mas’ul olimlar o‘rtasida doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, markaz ochilishigacha sifatli hujjatli filmlar tayyorlash bo‘yicha kelishib olindi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
