250 yillik noyob soʻzana Oʻzbekistonning boy madaniy merosidan hikoya qiladi



 

    Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida Markaziy Osiyo, xususan Oʻzbekistonning boy madaniy merosini namoyon etuvchi yana bir benazir artefakt katta medallionli soʻzana namoyish etilishi mumkin.

 

    Bu asar XVIII asrga tegishli boʻlib, Franses (2000) klassifikatsiyasiga koʻra “A turdagi dizayn” guruhiga kiradi. Uning markazida uchburchak uchlari chiqib turgan olti burchakli medallion tasvirlangan. Medallionning markaziy qismida konsentrik doiralar joylashgan boʻlib, ularni “qoʻchqor shoxi” shaklidagi spirallar oʻrab turadi. Ushbu elementlar bu guruhga xos belgilardan hisoblanadi.

 

    Asarda ranglardan nozik va oʻta mohirona foydalanilgan. Qoʻchqor shoxi shaklidagi spirallar ikki xil sariq ohangda ishlangani chizmaning chuqurligini oshirgan. Shu bilan birga, pushti, toq sariq va qizil ranglar medallion ichidagi kesishgan panellarda uygʻun tarzda joylashib, koʻp rangli kichik naqshlar fonida yanada yorqin koʻrinadi.

 

    1978 yilda Maykl Franses va Robert Pinner katta medallionli soʻzanalar haqida yozgan mashhur maqolasida shunday taʼrif bergan edi:

 

“Garchi kashtadoʻzlik qoʻpol boʻlsa-da, naqshlar shunchalik murakkab va noziki, umumiy taassurot kuch va ahamiyatni ifodalaydi.”

 

    1978 yilda dunyo boʻylab faqat 8 ta katta medallionli soʻzana maʼlum boʻlgan boʻlsa, Fransesning 2000 yilgi qayta oʻrganishidan soʻng bu raqam 54 taga yetdi. Hozirgi kunda esa ularning soni taxminan 70 taga yetib, har biri Markaziy Osiyo kashtadoʻzlik anʼanasining yuqori mahorat va badiiy salohiyatini namoyon etadi.

 

    Bu kabi soʻzanalar nafaqat uy bezagi sifatida, balki tantanali marosimlarda, toʻylarda, hatto diplomatik hadya sifatida ham qoʻllangan. Ular orqali nafaqat estetik did, balki madaniy meros va mahalliy ustalarning noyob badiiy qarashlari avloddan avlodga oʻtgan.