Taraqqiyparvar shoir, mutafakkir, publitsist Furqat haqida medialoyiha yaratilmoqda
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida Qoʻqon xonligidagi adabiy muhit ham aks etishi koʻzda tutilmoqda. Loyihalar doirasida taraqqiyparvar shoir, mutafakkir, publitsist Furqat haqida ham medialoyiha yaratilmoqda. U XIX asr ikkinchi yarmi va XX asr boshlaridagi oʻzbek xalqchil adabiyoti, maʼrifatparvarlik harakati va milliy publitsistikaning yirik namoyandalaridan biri hisoblanadi. Uning hayoti va ijodi milliy adabiyotimizda yangi gʻoyalar, yangi mavzular va zamonaviy tafakkur usullarini shakllantirishda muhim oʻrin tutdi.
Furqat Qoʻqonda ilgʻor fikrli ziyolilar oilasida tugʻildi. Yoshligidan otasi orqali oʻzbek va fors adabiyotining buyuk namoyandalari ijodi bilan tanishdi, ayniqsa Alisher Navoiy asarlariga chuqur muhabbat bilan munosabatda boʻldi. Fors tilini mukammal oʻzlashtirdi va xattotlik sanʼatidan saboq oldi.
1870–1880 yillarda Furqat adabiy muhitda tobora faollashib, ishqiy gʻazallar, muxammaslar va Navoiy asarlariga naziralar yozdi. Qoʻqon va Margʻilon ziyolilari orasida obroʻ qozondi, Muqimiy, Muxyi, Zavqiy kabi ijodkorlar bilan hamkorlik qildi.
Shu yillarda ijtimoiy-siyosiy mavzularga yoʻnalgan asarlarida mustamlaka tuzumi illatlarini, adolatsizlik va zoʻravonlikni fosh etdi. “Sayding qoʻyaver, sayyod” musaddasi va “Boʻldi” radifli muxammasida insonparvarlik, erksevarlik va xalq manfaatlarini himoya qilish gʻoyalari yaqqol namoyon boʻladi.
1890 yildan “Turkiston viloyatining gazetasi”da maqolalar yozib, xalqni zamonaviy bilimlar va texnika yutuqlariga chorladi. “Ilm xosiyati”, “Vistavka xususida” kabi maqolalarida ilm-fan va madaniyatning taraqqiyotdagi oʻrnini tushuntirdi. U zamonaviy maorif, maktablar ochish va fan-texnika yutuqlarini oʻrganishni milliy taraqqiyot kaliti sifatida koʻrdi.
1891 yildan boshlab Furqat Turkiya, Bolqon, Makka, Hindiston va Sharqiy Turkistonda boʻldi. Sayohatlar uning dunyoqarashini yanada boyitdi, ammo ayni vaqtda Vatan sogʻinchi uning sheʼrlari va maktublarida asosiy motivga aylandi. “Saboga xitob”, “Adashganman” turkumlari, “Roʻmollik qiz hikoyati” kabi asarlarida ayriliq azobi va yurtga muhabbat teran ifoda topgan. Furqat Yorkentda yashab ijod qildi, forsiy va oʻzbek tilida ijtimoiy va lirik sheʼrlar yozdi. U milliy adabiyotimizda ikki tilda ijod qilgan kam sonli shoirlardan biri hisoblanadi. 1909 yilda Yorkentda vafot etdi.
Uning merosi – maʼrifatparvarlik gʻoyalari, lirik va ijtimoiy sheʼriyati, publitsistikasi – oʻzbek adabiyoti va matbuot tarixi rivojida oʻchmas iz qoldirdi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
