Eron hukmdorlarining temuriylarga tegishli boʻlgan eng qimmatli boyliklari aniqlandi

 

🔴 Markaz delegatsiyasining Erondagi ilmiy kashfiyotlari 

 

🔴 Tarix, meros va hamkorlik koʻprigidagi topilmalar




    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi Eronning Mashhad, Tehron va Tus shaharlariga amalga oshirgan xizmat safari davomida bu yurtning tarixiy va madaniy merosi bilan yaqindan tanishdi.

 

    Mashhadda delegatsiya Temuriylar davriga oid madrasalar, masjidlar va karvonsaroylarni koʻzdan kechirdi. Safarning eng muhim nuqtasi XV asrda Gavharshod Begim tashabbusi bilan qurilgan, Imom Rizo majmuasida joylashgan Gavharshod Begim masjidini ziyorat qilish boʻldi. Mazkur yodgorlikning meʼmoriy bezaklari va uslubi Samarqand va Buxoro obidalariga uygʻunligi bilan ajralib turadi.



 

    Gavharshod Begim masjidi Shohruh Mirzo hukmronligi davrida barpo etilgan boʻlib, uning qurilishida Amir Temurning kelini va Shohruh Mirzoning sevikli yori Gavharshod Begim shaxsan tashabbuskorlik qilgan. U bunyodkorlik ishlari uchun oʻz shaxsiy jamgʻarmasidan katta mablagʻ ajratgan. Masjid yuz asrlardan buyon oʻz maqsadida xizmat qilib, bugungi kunda ham namozxonlar va ziyoratchilarning sevimli ibodatgohlaridan biri boʻlib qolmoqda.

 

    Mazkur yodgorlikning 3D modeli yoki maketini kelgusida Markaz ekspozitsiyasida namoyish etish rejalashtirilgan.



 

    Shuningdek, delegatsiyaning Tehrondagi Saʼdobod harbiy muzeyiga tashrifi davomida Amir Temurga tegishli ikki tarixiy qilich aniqlandi. Temuriylar davrida yasalgan bu asarlarda “Yo Fattoh” kalimasi oʻta nozik hunarmandchilik bilan bitilgan. Muzey maʼlumotlariga koʻra, ushbu asarlar uzoq asrlar davomida Eron hukmdorlarining eng qimmatli va iftixor bilan saqlanadigan boyliklari hisoblangan.

 

– Bugungi kunda bu ikki noyob asar Saʼdobod harbiy muzeyining eng qimmatli eksponatlari qatorida namoyish etilmoqda. Mazkur qilichlarning nusxasini tayyorlab, kelgusida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida namoyish etish boʻyicha muzey rahbarlari bilan muzokaralar olib bordik, –  dedi markaz ilmiy kotibi Rustam Jabborov.

 

    Qayd etish kerakki, Saʼdobod majmuasi — Eronning eng xushmanzara va tarixiy jihatdan boy maskanlaridan biri. Bir paytlar Eron hukmdorlarining rasmiy qarorgohi boʻlgan bu hududda ayni paytda 20 ga yaqin muzey faoliyat koʻrsatadi. Harbiy muzeyda esa eramizdan oldingi VII asrdan to XX asrgacha boʻlgan davrni qamrab olgan minglab eksponatlar saqlanadi.

 

    Safar doirasida delegatsiya Tuz shahrida buyuk shoir Abulqosim Firdavsiy maqbarasi va Temuriylar davrida qayta tiklangan Xoruniya xonadonini ham ziyorat qildi. 

 

    Tarixiy manbalarga koʻra, bu hududda dastlab Saljuqiylar davrida Nizomiya madrasasi faoliyat koʻrsatgan, Moʻgʻullar bosqinida vayron qilingan, soʻng Temuriylar davrida qayta tiklanib, yonida xonaqoh qurilgan. Bu maskan asrlar davomida tasavvuf vakillarini yigʻadigan markaz va taʼlim maskani sifatida xizmat qilib kelgan.

 

    Shuningdek, muloqot davomida Firdavsiyning “Shohnoma” asarining oʻzbek adabiyoti va kitobat sanʼatidagi oʻrniga bagʻishlangan maʼruzalar tinglandi.

 

    Markaz delegatsiyasining bu tashrifi ikki mamlakat oʻrtasidagi ilmiy-madaniy hamkorlikni mustahkamlash va Islom sivilizatsiyasi merosini targʻib etishda muhim qadam boʻldi. Safarda yigʻilgan materiallar Markaz ekspozitsiyasini yanada boyitishga xizmat qiladi.