3000 yillik tarixning XX asr sahifalari Markazda qanday namoyon boʻladi?

 

🔴Tunnel orqali tarixga sayohat

 

🔴 Bir ekspozitsiya, uch davr va yuzlab xotiralar...



 

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Islomdan avvalgi davrdan Yangi Oʻzbekistongacha boʻlgan 3000 yillik tarix zamonaviy vositalar orqali keng yoritiladi. Shu qatorida, XX asr voqealari — jadidlar harakati, muftiy Boboxonovlar sulolasi, Sharof Rashidov davri, Mustaqillik yillari va Yangi Oʻzbekiston bosqichi markazdagi maxsus “tunnel” orqali namoyish etilishi rejalashtirilgan.

 

    Markazda ishchi guruh aʼzolarining navbatdagi yigʻilishida “Oʻzbekiston XX asrda” boʻlimi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar va mazmuniy konsepsiya muhokama qilindi. Dastlab, boʻlimning asosiy gʻoyasi, tarixiy davrlarni yoritish tamoyillari va ekspozitsiya tarkibini shakllantirish jarayoni haqida batafsil maʼlumot berildi. 

 

    Xususan, jadidlar faoliyatiga oid “Amudaryo”, “Yer Yuzi”, “Al-Islah”, “Bayon ul-haq”, “Ulamo jamiyati” kabi gazeta va jurnallar ham ekspozitsiyaning muhim qismi sifatida kiritilishi qayd etildi. 

 

    Muzokaralar davomida Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon, Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon va Shamsuddinxon Boboxonovlar faoliyatiga oid eksponatlarni ekspozitsiyada arxiv foto va videomateriallar asosida namoyish etish imkoniyatlari tilga olindi. 

 

    Shu bilan birga, Oʻzbekistonda diniy idora tashkil etilishi bilan bogʻliq hukumat qarorlari, tarixiy hujjatlar va fotosuratlarni ham ekspozitsiyaga kiritish tavsiya etildi.

 

    Sharof Rashidov davriga bagʻishlangan qismda adabiyot, sanʼat, meʼmorchilik va qishloq xoʻjaligidagi yutuqlar, metro qurilishi va uning dizayni, shuningdek, Rashidovning tanlangan asarlarini namoyish etish taklifi ilgari surildi.



 

    Tarix fanlari doktori, professor Temur Shirinovning taʼkidlashicha,

 

“Rashidov davri Oʻzbekistonda keng koʻlamli qurilishlar, madaniyat va texnika sohasidagi yuksalishlar bilan ajralib turadi. Bu davr ramzlaridan biri – Toshkent metropoliteni boʻlib, uning milliy uslubda bezatilgan, jumladan, “Alisher Navoiy” kabi nafis oʻzbekona dizaynli stansiyalari alohida oʻrin tutadi. Shuningdek, metro arxitekturasi, Toshkent teleminorasi kabi meʼmoriy inshootlarning barchasi oʻsha zamon ruhini yorqin ifodalaydi. Ana shu kabi tarixiy obʼektlarning vizual tasvirlari orqali tomoshabinlar Rashidov davrini darhol taniy olishi mumkin boʻladi”.

 

    Mustaqillik davri boʻlimida 1991 yil 31 avgustdagi Mustaqillik deklaratsiyasi, Mustaqillik toʻgʻrisidagi qonun, Islom Karimov asarlari va kutubxona fondini ular bilan boyitish rejasi muhokama qilindi.



 

    “Maxsus tunnel” ekspozitsiyasida davriy ketma-ketlik asosida Prezident Shavkat Mirziyoyevning qasamyod marosimi orqali muzeyning “Yangi Oʻzbekiston – Yangi Renessans poydevori” qismiga oʻtish vizual tarzda ifodalanishi belgilandi.

 

    Yigʻilish yakunida olimlar loyihalar mazmuni va ularni vizual taqdim etish boʻyicha yakdil xulosaga kelishdi.