400 yillik Turkiston hayotiga sayohat qilish imkoniyati yaratilmoqda
🔴 Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi XVI–XIX asrlar xazinasini ochishga tayyorlanmoqda
🔴 Goʻyo vaqt mashinasiga oʻtirganday Turkiston hayoti va madaniyatiga noodatiy sayohat qilish mumkin
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida xorijdan olib kelingan qator noyob artefaktlar hamda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutidan taqdim etilgan 40 ga yaqin qoʻlyozma asar ustida puxta ish olib borilmoqda. Bu noyob madaniy meros durdonalari XVI–XIX asrlar Turkiston tarixini yorituvchi Xonliklar davri ekspozitsiyasida joy olishi kutilmoqda.
Eksponatlar orasida Shayboniylar, Ashtarxoniylar, Mangʻitlar, Minglar va Qoʻngʻirotlar sulolalari tarixiga oid kitoblar, devoriy suratlar, soʻzanalar, milliy kiyimlar va maishiy buyumlar alohida ahamiyatga ega. Ular nafaqat tarixiy ahamiyati, balki badiiy qiymati bilan ham ajralib turadi.
Bugun Markazda boʻlib oʻtgan kengaytirilgan yigʻilishda loyiha rahbarlari, tarixchilar, sanʼatshunoslar, etnograflar va boshqa yoʻnalish mutaxassislari ishtirok etib, Xonliklar davri ekspozitsiyasi boʻyicha amalga oshirilgan ishlar, rejalar va takliflarni muhokama qildi. Yigʻilishda har bir vitrina va artefakt uchun tayyorlangan ilmiy tavsiflar taqdim etildi, etiketajlar va tushuntirish matnlari qayta koʻrib chiqildi.
Muhokamalarda tarixiy faktlarning aniqligiga alohida eʼtibor qaratildi. Xronologiya yoki joy nomlaridagi eng kichik xatolar ham olimlar tomonidan jiddiy kamchilik sifatida izohlandi va ular ilmiy manbalar asosida tuzatildi.
Tarix fanlari doktori Dilnoza Jamolovaning taʼkidlashicha,
ekspozitsiyaning mazmunli va toʻliq taqdimoti uchun besh yoʻnalish boʻyicha yetakchi mutaxassislar jalb qilingan. Masalan, sanʼatshunoslar — devoriy suratlar va soʻzanalar haqida, etnograflar — milliy kiyimlar va maishiy buyumlar haqida, tarixchilar esa sulolalar tarixi va siyosiy voqealar haqida toʻliq ilmiy maʼlumot tayyorlamoqda.
Yigʻilish yakunida zallarni toʻliq tayyorlash boʻyicha aniq vazifalar belgilab olindi. Jumladan, Xonliklar davri ekspozitsiyasining haqqoniy va ilmiy jihatdan asosli taqdimoti, eksponatlarning tartibli joylashuvi, matnlarning aniq tarjimasi va koʻrgazma dizayni ishlari yakuniga yetkazilishi belgilandi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
