8 yillik orzu roʻyobga chiqmoqda

 

🔴Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasiga bebaho asarlarni koʻchirish ishlari boshlandi!

 

🔴Qadimiy qoʻlyozmalardan tortib, zamonaviy tadqiqotlargacha boʻlgan bebaho asarlar endilikda bitta maskanda jamlanmoqda. Bu tarixiy jarayon 8 yildan buyon tayyorgarlik koʻrilgan loyiha asosida amalga oshirilmoqda.

 

    Oʻzbekistonda ilm-fan, tarix va maʼnaviyatga boʻlgan eʼtibor yuksalib borayotgan hozirgi davrda yana bir muhim tarixiy jarayon amalga oshayotganiga guvoh boʻlmoqdamiz. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Toshkentda tashkil etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat madaniy-maʼrifiy, balki boy ilmiy maskan boʻlishi borasidagi saʼy-harakatlarning natijasi koʻrina boshladi.

 

     Zamonaviy kutubxona – boy ilmiy meros maskani


    Qariyb 300 oʻringa moʻljallangan zamonaviy kutubxona 50 mingga yaqin qadimiy qoʻlyozmalar, ilmiy, badiiy, tarixiy, madaniy-maʼrifiy asarlar va nodir nashrlarni oʻz bagʻriga jamlash imkoniyatiga ega. Bu asarlarning har biri – ajdodlarimiz tafakkuri, bilimga boʻlgan cheksiz intilishi va maʼnaviy merosining hayotiy aksidir.

 

     Kitoblarni koʻchirish boshlandi


    Bugun Markaz kutubxonasiga ilmiy-ommabop kitoblarni koʻchirish ishlari rasman boshlandi. Ayni paytda 35 mingdan ortiq kitob Markaz kutubxona fondiga joylashtirildi.

 


    Bunday xayrli ish ishtirokchilari jarayonning 8 yildan buyon rejalashtirib kelinayotgani va nihoyat, bu tarixiy bosqich amalga oshayotganini faxr bilan taʼkidlashmoqda.

 

     Keng hamkorlik va jamoaviy saʼy-harakatlar


    Kitoblarni saralash, roʻyxatga olish, tizimli joylashtirish va toʻgʻri saqlash ishlari bir nechta yetakchi ilmiy muassasalar bilan yaqin hamkorlikda olib borilmoqda.

 

     Jumladan:

 

▪️Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy Kutubxonasi

 

▪️Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti

 

▪️Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti

 

▪️Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetilarining axborot-resurs markazlari xodimlari, shuningdek, bu ishda 100 dan ortiq mutaxassis va koʻngillilardan iborat fidoiy jamoa faol ishtirok etmoqda;

 

    Ular barcha asarlarni professional tarzda tartibga keltirib, kelgusida ilmiy jamoatchilikka keng taqdim etishga puxta tayyorgarlik koʻrmoqda.



 

     Yana ham boyroq fond, kengroq imkoniyatlar


    Boshqa kutubxonalar bilan hamkorlik ham yoʻlga qoʻyilgan. Bu orqali fond yanada boyitilib, kutubxonadagi elektron bazalar, raqamlashtirish va axborot texnologiyalaridan foydalanish jarayonlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Bu esa, mahalliy va xorijiy olimlar, tadqiqotchilar uchun keng ilmiy imkoniyatlar eshigini ochadi.

 

     Kelajak sari ilmiy koʻprik


    Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasi – bu oʻtmish bilan kelajakni bogʻlovchi ilmiy va maʼnaviy koʻprikdir. Undagi har bir sahifa – ajdodlarimiz tafakkuri, maʼnaviy merosi va ilmga boʻlgan sadoqatining timsolidir.


    Bu kutubxona nafaqat kitob saqlanadigan joy, balki ilm-fan, maʼrifat va madaniyat markazi sifatida faoliyat yuritadi.


    Ayni paytda Markaz masʼullari, xodimlari, kutubxona mutaxassislari ushbu maʼrifat maskani ilm ahli, talabalar va tadqiqotchilar oʻz eshiklarini ochishi uchun tinim bilmay harakat qilishmoqda. Ilmni ardoqlaydigan har bir inson bu dargohdan ilhom va bebaho maʼlumot topishiga ishonchimiz komil.