Mirzo Ulugʻbek davri yulduzlar globusi



 

    Britaniya muzeyida saqlanayotgan ushbu noyob yulduzlar globusi XV asrda Sharqda ilm-fan va hunarmandchilik nechogʻlik yuksak darajada rivojlanganidan dalolat beradi.

 

    Globus latundan ishlangan boʻlib, unda 60 ga yaqin yulduzning koordinatalari aniq qayd etilgan. Burjlar ekliptika boʻylab joylashtirilgan, yulduz va turkumlarning nomlari esa oʻsha davrga xos kufiy xat bilan bitilgan. Bu nafaqat ilmiy jihatdan, balki badiiy qiymati jihatidan ham katta ahamiyatga ega.

 

    Janubiy yarimsharidagi yozuvga koʻra, globus hijriy 844 yili (milodiy 1430/31 y.) mashhur usto Muhammad ibn Jaʼfar ibn Umar al-Usturlobiy tomonidan yaratilgan. Ulugʻbekning ilm-fanga qaratgan eʼtibori va madrasalaridagi taʼlim jarayonida astronomik asboblardan keng foydalanilganini tasdiqlaydi.

 

    Globus nafaqat sanʼat durdonasi, balki amaliy taʼlim vositasi sifatida ham xizmat qilgan. Ulugʻbek rasadxonasida talabalar yulduzlar harakati, burjlar va kosmos qonuniyatlarini aynan shunday astronomik jihozlar orqali oʻrgangan. Bu esa ilmning nazariy va amaliy jihatdan uygʻun rivojlanganini koʻrsatadi.

 

    Yaqin vaqtlarda ushbu qimmatli eksponatning nusxasi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida ham namoyish etilishi rejalashtirilgan.