Oʻzbekistonda ilk bor siyosiy-madaniy xaritalar yaratilmoqda

 

🔴 Oʻzbekiston tarixshunosligida yangi bosqich

 

🔴 39 xarita orqali Turon tarixi jonlanmoqda!



 

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida tarixiy ahamiyatga ega yangi loyiha amalga oshirilmoqda. Markaz muzey ekspozitsiyasi uchun tayyorlanayotgan 39 ta siyosiy-madaniy xarita ustida keng qamrovli muhokama oʻtkazildi.

 

    Mazkur xaritalar tosh davridan XX asrgacha boʻlgan turli tarixiy bosqichlarni qamrab olib, sulolalar, madaniy markazlar va yodgorliklar kesimida ishlab chiqilmoqda.

 

     Qadimdan to zamonaviy davrgacha

 

    Xaritalar orqali qadimgi Turon zaminining siyosiy manzarasi, xalqlar oʻrtasidagi aloqalar, savdo yoʻllari va madaniy markazlar yaqqol aks ettiriladi. Har bir yoʻl, har bir nuqta oʻtmish va bugunni bogʻlab, tomoshabinga tarixiy voqelikni jonli his ettiradi.

 

    Jumladan, paleolit davri gʻorlari, bronza davri madaniyatlari, Baqtriya, Sugʻd, Xorazm va Fargʻona kabi hududlar alohida xaritalarda koʻrsatiladi. Keyingi bosqichlarda esa Kushonlar, Turk hoqonligi, Eftaliylar va Oʻzbek xonliklari davrlari tasvirlanadi.



 

     Ilmiy muhokamalar

 

    Mazkur xaritalar yaratilishi muhokama jarayonida tarixchi, geograf, arxeolog, tilshunos va kartografiya sohasidagi yetakchi mutaxassislar ishtirok etdilar. Ayniqsa Turk hoqonligi xaritasi boʻyicha qizgʻin fikr almashildi. Olimlar hoqonlik hududlarini yanada toʻlaroq qamrab olish zarurligini taʼkidlab, Samarqand Afrosiyob devoriy rasmlari, Choch vohasida topilgan qadimiy tangalar hamda Oltoy va Moʻgʻulistondagi turkiy bitiktoshlarni xaritada toʻgʻri aks ettirish boʻyicha takliflar berdilar.

 

    Shuningdek, xaritalarda boʻsh maydon qoldirmasdan, diqqatni asosiy sulola va madaniy hududlarga qaratish, yodgorliklarni esa topilgan manzillarga yaqin joylashtirish muhimligi qayd etildi.

 

     Ilmiy va maʼnaviy ahamiyat

 

    Taʼkidlanishicha, mazkur loyiha Oʻzbekiston tarixshunosligida ilk bor amalga oshirilayotgan tajriba hisoblanadi. Unda siyosiy va madaniy tarix uygʻun holda aks ettirilib, xaritalar nafaqat muzeyga tashrif buyuruvchi ziyoratchilar uchun, balki ilmiy tadqiqot olib borayotgan olimlar uchun ham muhim manbaga aylanadi.



 

    Loyiha doirasida xaritalar kataloglashtirilib, kelgusida mamlakatimiz va xalqaro miqyosda tarixiy bilimlarni chuqurroq targʻib qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.