Islom sivilizatsiyasi markazida ishlar jadal davom etmoqda
Kecha, 2025 yil 19 avgust kuni soat 11:11 da Toshkent shahri Olmazor tumanida joylashgan Islom sivilizatsiyasi markazi binolaridan birining tom qismida izolyatsiya qoplamalarini yotqizish jarayonida texnologik qoidalar buzilishi oqibatida yongʻin sodir boʻldi.
Hodisa natijasida binoning 19 kvadrat metr tom qismi zararlangani, eng muhimi, binoda fuqarolar jabr koʻrmagani hamda ichki qismi mutlaqo shikastlanmagani haqida xabar bergandik.
Ammo shunga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarda ushbu voqea yuzasidan turli asoslanmagan yolgʻon fikr va munosabatlar bildirilmoqda. Xususan, yongʻin sodir boʻlgan paytda majmuada Markaz xodimlari faoliyat olib borayotgani, noyob artefaktlar zararlangani haqida haqiqatga zid xabarlar ham tarqalmoqda.
Shu munosabat bilan quyidagilarni maʼlum qilamiz:
1️⃣ Hozirgi paytda majmuada qurilish ishlari yakunlanmagani bois, Islom sivilizatsiyasi markazi xodimlari hali binoga koʻchib oʻtishmagan.
2️⃣ Mazkur binoda hech qanday tarixiy eksponatlar, jumladan, Kaʼba yopinchigʻi joylashtirilmagan.
3️⃣ Markazning muzey ekspozitsiyasi uchun olib kelingan barcha noyob artefaktlar alohida nazorat ostida xavfsiz joyda, boshqa binoda saqlanmoqda.
4️⃣ Yangi majmua hozircha qabul qilinmagan va rasmiy ravishda foydalanishga topshirilmagan. Shu sababli, majmua binosida Markaz xodimlari ish olib borayotgani yoʻq.
Maʼlum qilamizki, qurilish ishlari quyidagi tashkilotlar masʼulligida amalga oshirilmoqda: loyihachi – “Oʻzogʻirsanoatloyiha” AJ, bosh pudratchi – “Trest-12” AJ, buyurtmachi – Toshkent shahar hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi, moliyalashtiruvchi – Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Alohida muhim ijtimoiy, madaniy va tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan obʼektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash direksiyasi, bundan tashqari xorijning yetakchi bir nechta kompaniyalari va dizaynerlar faoliyat olib borishmoqda.
Islom sivilizatsiyasi markazi fuqarolarimizning milliy meros va muqaddas qadriyatlarga boʻlgan eʼtibor va tashvishini yuksak qadrlaydi. Hozirda qurilish jarayonlari tegishli tashkilotlar tomonidan toʻliq nazoratga olingan, ishlar rejaga muvofiq davom ettirilmoqda va yakuniga yetkazilishi arafasida.
Shu oʻrinda barcha yurtdoshlarimizdan rasmiy manbalar orqali berilayotgan axborotlarga ishonishlarini, turli asossiz xabarlarga eʼtibor bermasliklarini soʻrab qolamiz.
Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
