“Muxlisa” bilan muloqot: Islom sivilizatsiyasi markazida mehmonlarni sunʼiy intellekt kutib oladi

 

🔴 Yangi Renessansda yangi texnologiya: muzeyda “aqlli” muloqot

 

🔴 Interaktiv kitoblar va sunʼiy intellekt: muzey tajribasi yangi bosqichda



 

    Oʻzbekiston hududida shakllangan va rivojlangan tamaddun yangi pogʻonaga koʻtarilib, jahon sivilizatsiyasining tarkibiy qismi sifatida bugungi dunyo sahnasida namoyon boʻlib bormoqda. Mamlakatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, Oʻzbekiston zamini ikki buyuk uygʻonish davriga beshik boʻlgan. Ayni vaqtda yurtimizda yana bir Uygʻonish jarayoni kechmoqda. “Yangi Oʻzbekiston” va “Uchinchi Renessans” kabi taʼkidlari xalqimizni ulugʻ maqsadlar sari ruhlantirmoqda.

 

    Shu munosabat bilan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidagi “Yangi Oʻzbekiston – Yangi Renessans poydevori” ekspozitsiyasi raqamli texnologiyalar va zamonaviy media vositalari asosida takomillashtirilmoqda.




    Mazkur boʻlim dizaynini yanada takomillashtirish yuzasidan oʻtkazilgan yigʻilishda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Xasanov, “Sila sveta” kompaniyasi vakillari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi. Muhokamada ekspozitsiyaning asosiy gʻoyasi tashrif buyuruvchilar zalga ilk qadam qoʻygan paytdan boshlab mamlakatdagi yangilanish, tezlik va doimiy rivojlanish ruhini his qilishi kerakligi alohida taʼkidlandi. 

 

    Ekspozitsiya toʻrt tilda — oʻzbek, rus, ingliz va arab tillarida ishlashi, keyinchalik boshqa tillar ham qoʻshilishi mumkinligi maʼlum qilindi. Har bir boʻlimga qisqacha izoh, keyingi bosqichda esa batafsil annotatsiyalar qoʻshilishi rejalashtirilgan. Interaktiv formatda kitoblardan iqtiboslar ekranda jonlanib, tashrif buyuruvchilar bilan muloqot yaratishi koʻzda tutilgan.



 

    Eng qiziqarlisi, markaz mehmonlari sunʼiy intellekt “Muxlisa” bilan suhbatlashish va savol-javob qilish imkoniyatiga ega boʻladi.