Hech kim kutmagan sensatsion ekspozitsiya barchasini oshkor qiladi!
🔴 Tarixiy shajara sirlari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida jonlanmoqda!
🔴 Ordenlar, medallar va qoʻlyozmalar… milliy merosning hayratlanarli sahifasi
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi milliy maʼnaviy merosni targʻib etish va keng jamoatchilikka yetkazish yoʻlida sensatsion ekspozitsiyalar tayyorlamoqda.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida milliy maʼnaviy merosni targʻib qilish va keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar doirasida shoʻro davrining ogʻir taʼqiblari ostida ham oʻzbek xalqining diniy qadriyatlarini asrab qolgan muftiy Boboxonovlar sulolasi faoliyatiga oid ekspozitsiyani shakllantirish masalalari muhokama qilindi. Yigʻilishda Markaz xodimlari hamda Muftiy Boboxonovlar jamgʻarmasi vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda ekspozitsiyaning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha kelishuvga erishildi. Jumladan, markazda Boboxonovlar sulolasiga tegishli quyidagi eksponatlar oʻrin olishi belgilab qoʻyildi:
▪️ milliy naqshlar va tarixiy maʼlumotlar bilan bezatilgan maxsus tach-panel;
▪️ sulolaga tegishli qoʻlyozmalar va tarixiy hujjatlar;
▪️ Muftiy Ziyovuddinxon Boboxon va sulola vakillariga berilgan orden va medallar, jumladan, Imom al-Buxoriy ordeni, xalqaro darajadagi mukofotlar va sovrinlar;
▪️Boboxonovlar sulolasining mukammal shajarasi.
Muftiy Boboxonovlar jamgʻarmasi direktori Jamoliddin Boboxonovning soʻzlariga koʻra, mazkur ekspozitsiya nafaqat sulola faoliyatini yoritish, balki Oʻzbekiston tarixidagi muhim diniy-maʼnaviy jarayonlarni namoyon qilishga qaratilgan. Uning taʼkidlashicha, koʻrgazmada diniy idoraning tashkil topish tarixi, “Mir Arab” madrasasi va Islom institutining ochilishi, shuningdek, Boboxonovlar sulolasining turli mamlakatlar bilan yoʻlga qoʻygan xalqaro aloqalariga oid maʼlumotlar aks ettiriladi.
“Markazda tayyorlanayotgan ushbu ekspozitsiya xalqimizga, yurtimizga keladigan mehmonlarga boy maʼlumot manbai boʻladi. Shu bilan birga, bu jarayonda biz ham oʻz takliflarimizni berdik va koʻplab tarixiy hujjatlar, medallar hamda shajarani taqdim etishga tayyormiz. Bularning har biri oʻzining munosib oʻrnini egallaydi”, — dedi u.
Taʼkidlash joizki, marhum Muftiy Ziyovuddinxon Boboxon faoliyatida ateistik mafkura hukmron davrda ham diniy-maʼnaviy hayotni rivojlantirish yoʻlida katta xizmat qilgan. Muhtaram Prezidentimiz uning xizmatlarini yuksak baholab, bir necha marotaba nutqlarida eʼtirof etgan hamda uni Imom al-Buxoriy ordeni bilan taqdirlagan. Shuningdek, sulola vakillari Livan, Iordaniya, Marokash kabi mamlakatlarning oliy darajali mukofotlariga, shuningdek, “Ibn Sino” medali va “Xalqlar doʻstligi” ordeniga sazovor boʻlgan.
Yigʻilishda ekspozitsiyaning umumiy dizayni, axborot materiallari va texnik yechimlari ham muhokama qilindi. Tayyorlangan maketlar Islom sivilizatsiyasi markazi masʼullari tomonidan tasdiqlandi. Loyiha yaqin kunlarda amalga oshirilishi va jamoatchilikka taqdim etilishi kutilmoqda. Yaʼni tarixiy shajara sirlari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida jonlanmoqda!
Qisqasi, hech kim kutmagan sensatsion ekspozitsiya barchasini oshkor qiladi!
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
