Ruhingiz ozod, qalbingiz boy boʻlishini istaysizmi?

🔴 Sirli xazina maskani Toshkentda!


🔴 Ilm sevuvchilar uchun sensatsiya!



 

    Insoniyat sivilizatsiyasining eng ulkan merosi, inson xotirasi va orzularining muqaddas uyi, oʻtmishning soʻzlari, bugunning fikrlari va kelajakning umidlari yashaydigan, dunyo hikmatlari, inson tafakkuri xazinasi boʻlgan, har bir insonga ming yillik tajribani bir daqiqada anglash imkonini beradigan maskan, sirli xazina makoni haqida bilishni istaysizmi?

 

    Insonni tor doiradagi hayotdan chiqarib, butun olamga nazar solishni oʻrgatadigan manba nima? Albatta bu kitoblar. Ular orqali oʻtmishdagi buyuk zotlar bilan muloqotga kirishib, turli millat va madaniyatlar bilan tanishamiz. Bu esa inson ruhini ozod qiladi, uning qalbini boyitadi. Demak, inson ruhini ozod qiladigan maskan bu — kutubxonadir.


    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham ana shunday maskanlardan biri boʻlishi kutilyapti. Ushbu kutubxona 300 nafar kitobxonni bir vaqtning oʻzida qabul qilish imkoniyatiga ega boʻlib, 50 mingga yaqin qoʻlyozma va asarlarni jamlash salohiyatiga ega.


    Kutubxonaning asosiy ochiq fondi 56 300 nusxa nashrlar joylash sigʻimiga ega. Ular tarkibida:


✔️ Sharq va Gʻarb kolleksiyasi 


✔️ Fan sohalariga oid adabiyotlar


✔️ Brayl alifbosidagi nashrlar

 

✔️ Din, dinshunoslik


✔️ Maʼlumotnoma nashrlar


✔️ Bolalar adabiyoti


✔️ Kitob albomlar


✔️ Markaz muzey yoʻnalishlaridagi (Islomgacha boʻlgan davr, Birinchi va Ikkinchi Renessanslar, Yangi Oʻzbekiston) adabiyotlar bor.


    Alohida qayd etish kerakki, dunyo millarderlaridan biri boʻlgan hamyurtimiz Alisher Usmonov tomonidan Markaz kutubxonasiga qiymati 8 million AQSh dollariga teng boʻlgan 4 918 nomdagi nodir kitoblar kolleksiyasi sovgʻa qilingan.


    Kutubxona mutolaa zonalari, media hudud, olimlar uchun maydon, dam olish joyi, mustaqil ishlash uchun, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun alohida hududlar, elektron kutubxona, bolalar xonasi, ilmiy izlanuvchilar uchun nusxa olish va yashil maydondan iborat.

 

    3105 kvadrat metr maydonni egallagan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasida zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash ishlari jadal surʼatda olib borilmoqda.


    Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasiga qimmatli va nodir kitoblarni koʻchirish jarayonlari boshlangani haqida xabar bergan edik. 


    Ayni paytda 35 mingdan ortiq kitobni Markaz kutubxona fondiga joylashtirish va tizimlashtirish ishlari jadal surʼatda qizgʻin olib borilmoqda.


    Bu masʼuliyatli jarayonda turli ilmiy muassasalar va axborot-kutubxona markazlari mutaxassislari ishtirok etmoqda. Jumladan:


▪️ Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti


▪️ Toshkent axborot-texnologiyalari universiteti


▪️ “Bilim” va “Turon” axborot-kutubxona markazlari


▪️ Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi mutaxassislari tomonidan Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasi xodimlariga amaliy yordam koʻrsatilmoqda.




     Birdamlik va masʼuliyat namunasi


    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxona boʻlimi rahbari Ravshan Qodirovning taʼkidlashicha: “Bu yuksak maʼnaviy va ilmiy ahamiyatga ega maskanda kitoblarni joylashtirish va tizimlash jarayonida kutubxonachilar ahillik va masʼuliyat bilan faol ish olib bormoqda. Hamjihatlik tufayli kichik texnik muammolar ham biz uchun toʻsiq boʻla olmadi — aksincha, birdamlikni mustahkamlab, oldinga intilishga yanada kuch bagʻishladi. Ilm va maʼrifatga muhabbat bor joyda taraqqiyotga yoʻl ochiladi. Bu kutubxona yaqin kelajakda barchamiz uchun faxr va ruhiy boylik manbaiga aylanishi muqarrar”.


    Toʻgʻri, bugun bu yerda faqat kitob joylashtirilayotgani yoʻq — balki bilimlar, tajriba va masʼuliyat ham bir makonda uygʻunlashmoqda. 


     Bebaho xazina qoʻriqchilari


    Azaldan kitob fondini koʻchirish, joylashtirish, elektronlashtirish va hujjatlash kabi jarayonlar katta masʼuliyat talab qiladi. Bu jarayonda tajribali kutubxonachilarning bilim va mahorati hal qiluvchi ahamiyatga ega. 

 

“Xursandchiligim ichimga sigʻmayapti Islom Sivilizatsiyasi Markazi kutubxonasi xalqimiz uchun ilm va ziyoni, madaniyat va maʼrifatni tarqatuvchi betakror, bebaho, oʻxshashi yoʻq maskanga aylanishiga oz qoldi. Kutubxonachilar birlashsa boʻldi,  har qanday katta “boylikni” (fondni) koʻchiramiz, ajratamiz, joylaymiz, bezatamiz!” — deydi Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy Kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva.


    Bu soʻzlarda nafaqat mehr, balki fidoyilik, kasbga boʻlgan yurakdan muhabbat va masʼuliyat aks etmoqda. Haqiqatan ham, kutubxonachilar uchun kitob fondi — oddiy jismoniy jihoz emas, balki maʼnaviy boylik, xalqning xazinasidir.


    Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat islom merosini, balki umuminsoniy ilm va maʼnaviyatni ham jamlayotgan buyuk maskandir. Bu markaz xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod uchun bilim va ilhom manbaiga aylanishi shubhasiz. Shunday ekan, ruhingiz ozod, qalbingizni boy boʻlishini istasangiz, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bu borada sizga asqotadi. Bir soʻz bilan aytganda esa, Toshkentdagi ushbu sirli xazina maskani ilmni, mutolaani sevuvchilar uchun sensatsiya boʻla oladi.