500 yillik miniatyura: vaqtni yoʻqqa chiqargan tasvir va siz koʻrmagan Temuriy hukmdorlar ziyofati

 

🔴 Mir Sayyid Ali Termiziyning moʻʼjizasi

 

🔴 Sukunatdagi tarixiy dialog


    Baʼzan bitta tasvir butun bir sulolaning hayoti va siyosiy-madaniy qiyofasi haqida qimmatli hujjat boʻlishi mumkin. Bunday asarlar bugungi avlod uchun oʻtmishni anglash, qadriyatlarni qayta kashf etish vositasiga aylanadi.


    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzey ekspozitsiyasida turli davrlarni aks ettirgan miniatyuralarga ham alohida oʻrin ajratilgan. Mana shunday tasvirlardan birida Temuriylar sulolasi hukmdorlari aks ettirilgan boʻlib, Mir Sayyid Ali Termiziy qalamiga mansubdir. Rassom turli davrlarda yashagan Temuriy hukmdorlarini bitta ziyofat sahnasida aks ettirgan.


    Miniatyurada  oltin rangli osmon, daraxtlar, qushlar parvozi va orqa fonda xizmat qilayotgan kishilar sahnani boyitib turadi. Bu nafaqat badiiy estetikani, balki madaniy muhitni ham namoyon etadi. Sahnadagi har bir shaxs ismi  yonida yozib qoʻyilgani esa asarning hujjatlik qimmatini yanada oshiradi.

 

    Bogʻ ayvonida oʻtirgan Humoyun Mirzo, uning qarshisida esa Akbar, Jahongir va Shohjahonlar tasvirlangan. Keyinchalik undagi yuz qiyofalarining koʻpchiligi qayta ishlangani, yaʼni boshqa Boburiy hukmdorlarni tasvirlash uchun yangidan boʻyalganligi haqida maʼlumotlar mavjud.


    Ayvondan tashqaridagi chap tomonda Sulton Parviz, oʻng tomonda esa shahzoda Xusrav joy olgan. Oʻng tomonida Abu Bakr, Boysungʻur va Shohrux Mirzo tasvirlangan. Chap tomonda aylana boʻlib oʻtirgan besh shaxs – Bobur Mirzo, Umar Shayx Mirzo, Sulton Abu Said Mirzo, Sulton Muhammad Mirzo va Mironshohni bir safda koʻrish mumkin.




    Ayni paytda Britaniya muzeyida saqlanayotgan miniatyuraning bir qismi yirtilgan boʻlsa-da, eng muhim boʻlaklari saqlanib qolgan. Yoʻqolgan qismida raqqosalar va musiqachilar saroy oʻyin-kulgilarini ijro etayotgani tasvirlangan degan taxminlar ham mavjud. Markaz ekspozitsiyasining Boburiylar sektori uchun miniatyuraning toʻliq talqini sanʼatshunoslik boʻyicha falsafa doktori Behzod Hojimetov boshchiligida 40 ga yaqin rassomlar tomonidan chizildi. Bundan tashqari, undagi  Boysungʻur Mirzo va Shohrux Mirzo tasvirlari  asosida mulyajlari ham tayyorlanmoqda. Bu tasvirning jonli talqini Temuriylar  davridagi madaniy yuksalish bilan birga tarixiy merosning beqiyos xazinasi boʻlib qolmoqda. Miniatyura oʻzining oltin osmoni ila hamon sukunatda tarix haqida soʻzlamoqda.