Unutilgan maʼrifatparvarlar va ilk olima ayollar nomi qayta tiklanadi!

 

🔴 Tunnel ichida tarix: XX asr Oʻzbekistoniga interaktiv sayohat

 

🔴 Jadidlar, qatagʻon qurbonlari va mustaqillik qahramonlari — barchasi bir joyda!



 

    Oʻzbekiston xalqi soʻnggi bir asr mobaynida turli davrlarni, turli tuzum va tizimlarni, siyosiy oʻzgarishlarni boshdan kechirdi. Chor Rossiyasi bosqini, sovet davri, mustaqillikning dastlabki yillari – har bir bosqich oʻz sinovlari bilan xalq taqdiriga taʼsir koʻrsatdi. Ammo barcha davrlarda xalqimiz mardona qiyofasi, or-nomusi, madaniy merosi va iymon-eʼtiqodini asrab qoldi.

 

“Oʻzbekiston – ulkan tabiiy zaxiralar, iqtisodiy va insoniy salohiyatga boy mamlakat. Ammo, Yaratganning oʻzi ato etgan yana bir bebaho boyligimiz borki, u ham xalqimizning beqiyos intellektual va maʼnaviy salohiyatidir”, — degan edi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

 

    Mana shu maʼnaviy boylikni yanada anqroq yoritish maqsadida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzey ekspozitsiyasida “Oʻzbekiston XX asrda” nomli maxsus boʻlim yaratilmoqda. Unda mamlakatimizdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, maʼrifatparvarlar va jadid mutafakkirlarning millat taraqqiyoti yoʻlidagi kurashi, sobiq sovet davridagi qatagʻonlar, XX asrning 50–80 yillaridagi ilmiy, madaniy va iqtisodiy oʻzgarishlar, mustaqillik yillarida amalga oshirilgan islohotlar atroflicha yoritiladi.

 

    Tarix fanlari doktori, professor Temur Shirinov, Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori Baxtiyor Xasanov, Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi direktori, professor Jannat Ismoilova, shuningdek, Rossiyaning “Sila Sveta” kompaniyasi mutaxassislari va tarixchi olimlar ishtirokida oʻtkazilgan muhokamalarda jadidlar va Turkiston maʼrifatparvarlarining xalqni uygʻotish yoʻlidagi faoliyati kengroq aks ettirilishi zarurligi taʼkidlandi. 



 

    Shu bilan birga, sobiq sovet davri siyosiy voqealari, qatagʻonlar qurbonlari, madaniyat va ilm-fandagi yutuqlar, mustaqillik yillarida davlat ramzlari, diniy qadriyatlar va mudofaa tizimi rivojini koʻrsatish boʻyicha takliflar bildirildi.

 

– Ekspozitsiyada faqat mashhur jadidlar emas, balki keng jamoatchilikka kamroq maʼlum boʻlgan maʼrifatparvarlar ham yoritilishi, ayniqsa, ilm-fan sohasidagi ayollar faoliyati alohida oʻrin olishi kerak, – deya taʼkidladi  Baxtiyor Hasanov.

 

    Muhokamalar soʻngida ekspozitsiya tarixiy manbalarga asoslangan holda zamonaviy talqin va interaktiv yechimlar bilan boyitilishi, turli davrlarning yorqin shaxslari va voqealari xalqqa yangicha ruhda taqdim etilishi yuzasidan kelishuvga erishildi.