Kisva boʻlagi va nodir Qurʼonlar: Islom sivilizatsiyasi markazi dunyoga qanday yuz tutmoqda?

 

🔴 Oʻzbekistonning yangi yuzi

 

🔴 Muqaddas tarixiy artefaktlar




    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bugun yurtimizning maʼnaviy merosini asrab-avaylash, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni jamoatchilikka yetkazishda yetakchi maskan sifatida faoliyat yuritmoqda. Yangi ekspozitsiyalar orqali markaz nafaqat islom dunyosidagi qimmatli artefaktlarni namoyish qiladi, balki tarix va madaniyatni ilmiy asosda oʻrganish uchun noyob imkoniyat yaratadi.


    Markaz muzeyi ekspozitsiyadan oʻrin olishi kutilayotgan muqaddas Qurʼon nusxalari, islomiy yozma yodgorliklar va Saudiya Arabistoni tomonidan taqdim etilgan Kaʼbaning muqaddas kisvasining boʻlagi Oʻzbekistonning madaniy va maʼnaviy qudratini dunyoga namoyon etadi.

 

     Yuksak ehtirom ramzi


    Ekspozitsiyaning eng muhim jihatlaridan biri — Saudiya Arabistoni hadya qilgan muqaddas Kaʼba kisvasining eshik qismi boʻlagidir. Bu muqaddas mato endilikda markazda doimiy saqlanadi, kelgusida uni Qurʼon zalida qiblaga qaratib oʻrnatish rejalashtirilgan. U maxsus muhofaza tizimi orqali asrab-avaylanadi va har yili kimyoviy ishlovlar bilan uning asl holati taʼminlanadi.


    Istanbul universiteti professori Emek Ushenmez taʼkidlaganidek, bu tuhfa nafaqat moddiy, balki maʼnaviy jihatdan ham katta ahamiyatga ega boʻlib, arab dunyosi tomonidan Oʻzbekistonga bildirilgan yuksak ehtiromning ramzi sanaladi.



 

     “114 Qurʼon” – noyob ilmiy loyiha


    Markazning eng yirik ilmiy tashabbuslaridan biri — “114 Qurʼon” loyihasidir. Uning doirasida jahonning turli mamlakatlarida saqlanayotgan eng qadimiy va nodir Qurʼon mushaflari ilmiy tahlil qilinadi, faksimile nusxalari tayyorlanib, keng jamoatchilikka taqdim etiladi.
 

– Bu loyiha nafaqat ilmiy jihatdan, balki maʼnaviy ahamiyati bilan ham katta ahamiyatga ega. Loyihaning asosiy maqsadlaridan biri – muqaddas kitoblarning tarixiy ahamiyatini oʻrganish, ularning sanʼat va xattotlikdagi oʻrnini namoyon qilishdir. Ayni paytda loyiha doirasida arab, oʻzbek va ingliz tillarida maxsus albomlar tayyorlanmoqda, – dedi Istanbul universiteti professori Emek Ushenmez.


    Ekspozitsiyada Usmon musxafi, Temuriylar davrida yaratilgan ulkan Qurʼonlar, Oʻzbekxon Qurʼoni, shuningdek, Husayn Boyqaro davrida yozilgan Qurʼonlar, Boysungʻur Qurʼoni va ularning faksimilelari va ilmiy nashrlari ham loyiha doirasida davom etadi.


    Ilm va madaniy diplomatiya koʻprigi


    Markaz xalqaro hamkorlikka ham katta eʼtibor qaratmoqda. Turkiya, Saudiya Arabistoni, Rossiya, Angliya, Misr va boshqa mamlakatlar bilan yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik nafaqat ilmiy tadqiqotlarni, balki madaniy diplomatiyani ham rivojlantirmoqda. Sankt-Peterburgdagi Sharqshunoslik kutubxonasi bu yoʻnalishdagi asosiy hamkorlardan biri hisoblanadi.


    Kelgusida markazda virtual koʻrgazmalar, yangi artefaktlar va yanada zamonaviy ekspozitsiyalar tashkil etish rejalashtirilgan.

 

    Maʼnaviy hayot va turizm uchun yangi imkoniyatlar


    Islom sivilizatsiyasi markazi — yoshlar ongida tarixiy merosga hurmat uygʻotuvchi, milliy gʻurur va maʼnaviy qadriyatlarni targʻib etuvchi maskan. Shu bilan birga, u diniy turizm va madaniy yoʻnalishdagi xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini kengaytiradi.


    Xulosa qilib aytganda, Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat ilmiy maskan, balki Oʻzbekistonning madaniy diplomatiyasi va maʼnaviy qudratining zamonaviy ramzi sifatida ham alohida ahamiyatga ega.

 

 

Durdona Rasulova

P/S :Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.