“Qabilalar jangi”: sanʼat asariga aylangan kurash tarixi


🔴Hanuzgacha hayrat uygʻotadigan muhabbat qissasi


🔴Islom sivilizatsiyasi markazida namoyish etiladigan oʻzbek merosi



 

    Nizomiy Ganjaviyning mashhur “Layli va Majnun” dostonida Navfal nomli boy va zodagon yigitning Majnunga yordam berish yoʻlidagi jangi haqida soʻz yuritiladi. U Laylini qaytarib berish uchun uning qabilasi bilan toʻqnashuvga kiradi, ammo gʻalabaga qaramay, Laylining otasi qizini “devona” deb hisoblangan Majnunga berishdan bosh tortgan.


    Bu dramatik hikoya asrlar davomida rassomlarning ilhom manbai boʻlib kelgan. Xususan, Hirot va Sheroz maktabi miniatyuralarida mazkur syujet katta shuhrat qozongan. Rossiya Davlat Ermitaji toʻplamida saqlanayotgan 1431 yilga oid ilk Hirot miniatyurasida Navfalning askarlari dushmanni maydondan chiqarib, sahna hoshiyasigacha quvlagan holda tasvirlangan. Yorugʻ gulzor fonidagi jang, rang-barang liboslar va chiroyli tabiat sahnaga ertakona ruh bagʻishlaydi.


    Biroq, ulugʻ rassom Kamoliddin Behzod bu sahnani mutlaqo yangi uslubda ifoda etdi. Uning 1490 yillarda yaratilgan mashhur “Qabilalar jangi” miniatyurasida voqea Arabiston choʻlida kechadi. Qumli tepaliklar, tillarang osmon va aylanma shaklda joylashgan qoʻshinlar sahnaga shiddatli dinamika bagʻishlaydi. Qilich va nayzalarning urilishi, odam va hayvonlarning harakatlari orqali Behzod jangning ruhini yorqin namoyon etdi.


    Hozirda ushbu noyob asar Buyuk Britaniya kutubxonasida saqlanmoqda va miniatyura sanʼatidagi eng mashhur syujetlardan biri sifatida eʼtirof etiladi.


    “Qabilalar jangi” oʻzining tarixiy va badiiy qiymati bilan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining “100 nodir qoʻlyozma” loyihasida alohida oʻrin tutadi. Markaz milliy merosni asrab-avaylash va jahon madaniyati durdonalarini keng jamoatchilikka yetkazishda muhim minbarga aylanmoqda.