Boburiylar davriga oid 300 yillik noyob xanjarni oʻz koʻzingiz bilan koʻrasiz

🔴  Islom sivilizatsiyasi markazida tarixga yoʻl ochadigan eksponat

 

🔴 Oʻzbekistonda ilk bor qimmatbaho toshlar bilan bezalgan xanjar namoyish etiladi!



 

    XVIII asrda Hindistonda yaratilgan, Boburiylar davrining yuksak hunarmandchilik anʼanalarini ifodalovchi noyob xanjar ilk bor Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida namoyish etilishi kutilyapti.


    Nefrit, oltin, qimmatbaho toshlar va poʻlatdan ishlangan bu noyob artefakt 38 santimetr uzunlikka ega boʻlib, pichoq qismi 24,5 santimetrni tashkil qiladi. Har bir naqsh va bezagi oʻsha davrning zodagonlik madaniyati, estetik qarashlari hamda yuksak badiiy didini namoyon etadi.


    Joriy yil aprel oyida dunyoning nufuzli Sotheby's savdo uyidan xarid qilingan ushbu xanjar, Boburiylar davriga oid yana ikki xanjar va nefritdan yasalgan xanjar tutqichi mavjud kolleksiyaga qoʻshildi. Eksponat harbiy jihatdan qimmatli boʻlishidan tashqari, sanʼat asari sifatida ham yuksak ahamiyat kasb etadi.


    Ushbu noyob asar Islom sivilizatsiyasi markazining qoʻlyozmalar, badiiy va tarixiy eksponatlaridan iborat xazinasini yanada boyitib, sivilizatsiyaning keng qirralarini namoyon qiladi.