Amir Temur qurdirgan Turkistondagi buyuk maqbara – 600 yillik haqiqat koʻz oldingizda namoyon boʻladi
🔴Yassaviy maqbarasini koʻrish imkoni — Islom sivilizatsiyasi markazida!
🔴Maʼnaviy birlik va meʼmoriy yuksalish timsoli
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasining maketi oʻrin olishi rejalashtirilgan. Bu maket — oddiy koʻrgazma buyumi emas, balki butun bir davrning diniy-maʼnaviy hayoti, Amir Temur zamonidagi meʼmoriy yuksalish va turkiy xalqlarning maʼnaviy birligini ifoda etuvchi timsol hisoblanadi.
Xoja Ahmad Yassaviy va uning merosi
Xoja Ahmad Yassaviy (1103–1166) — tasavvufning yirik vakillaridan biri, “Hikmatlar” asari orqali islomiy va maʼnaviy gʻoyalarni xalq tilida keng yoygan ulugʻ mutasavvifdir. Uning qabri qadimiy Yassi (bugungi Turkiston, Qozogʻiston) shahrida joylashgan. XII asrda bu yerda kichik maqbara mavjud boʻlgan, ammo XIV asr oxirida buyuk sarkarda Amir Temur (1336–1405) uni ulkan ziyoratgoh va meʼmoriy-memorial majmuaga aylantirishni buyurdi.
Qurilish ishlari manbalarga koʻra 1385–1389-yillarda boshlanib, 1399-yilga qadar davom etgan. Temur eng mohir meʼmor va ustalarni bu yerga jalb qilgan. Biroq u 1405 yilda vafot etgach, katta peshtoq hamda ichki intererlarning ayrim qismlari tugallanmay qolgan.
Meʼmoriy tuzilishi
Maqbara toʻrtburchak shaklda qurilgan boʻlib, uzunligi 62,7 metr, kengligi 46,5 metr, balandligi esa 38,7 metrga yetgan. Umumiy maydoni 0,55 gektarni tashkil etadi. Tarixiy manbalarda maqbarada 34–37 xona mavjudligi qayd etilgan. Ular orasida qabrxona, masjid, kutubxona, oshxona, xonaqoh va boshqa xonalar joylashgan. Shu jihatdan u nafaqat dafn joyi, balki diniy-maʼrifiy markaz vazifasini ham bajargan.
Markaziy zal — Kazandik — kvadrat shaklda boʻlib, 18,2 × 18,2 metr oʻlchamga ega. Zal usti Markaziy Osiyodagi eng yirik gʻishtli gumbazlardan biri bilan yopilgan. Keyinchalik bu gumbaz Samarqand va boshqa shaharlardagi yirik inshootlar uchun ham andoza boʻlib xizmat qilgan.
Zal markazida mashhur Tayqozon joylashgan. Bu marosimiy idish 1399-yilda tabrizlik usta Abdilaziz ibn Sharafiddin Tabriziy tomonidan bronzadan quyilgan. Uning diametri 2,45 metr, balandligi 1,6 metr, ogʻirligi 2 tonnadan ziyod va sigʻimi 3000 litr boʻlgan. Tayqozon diniy marosimlarda muqaddas suv taqsimlash uchun ishlatilgan. Bugungi kunda ham maqbara ichida saqlanmoqda va metall quyish sanʼatining eng yuksak yodgorliklaridan biri sifatida qadrlanadi.
Bezak va yozuvlar
Maqbaraning tashqi qiyofasi Temuriylar davri meʼmorchiligining yuksak namunasidir. Ulkan peshtoq balandligi bilan hayrat uygʻotadi. Devor va gumbazlar koʻk, firuza va oq rangdagi sirlangan gʻishtlar bilan bezatilgan. Qurʼon oyatlari kufiy va suls xatlarida bitilgan. Ichki qismlarda ganchdan ishlangan muqarnaslar, naqshlar va devoriy boʻyoqlar bugunga qadar yaxshi saqlangan.
Siyosiy va diniy ahamiyati
Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasi nafaqat diniy ziyoratgoh, balki Temuriylar davlatining siyosiy qudratini namoyon qiluvchi timsol ham boʻlgan. Amir Temur bu inshoot orqali oʻzini islom qadriyatlarining homiysi sifatida koʻrsatgan, tasavvuf ahli va xalq bilan mustahkam aloqalar oʻrnatgan. Shu bilan birga, u turkiy xalqlarni birlashtiruvchi ruhiy markaz vazifasini ham bajargan.
Taʼmir va saqlash ishlari
Maqbara asrlar davomida bir necha bor taʼmirlangan. XVI asrda Buxoro amiri Abdullaxon II davrida peshtoq qayta tiklangan. XIX asrda Qoʻqon xonligi davrida restavratsiya ishlari amalga oshirilgan. XX asrda esa sovet hukumati uni davlat muhofazasiga olib, ilmiy asosda taʼmirlash ishlarini tashkil qildi. Mustaqillik yillarida Qozogʻiston hukumati ham majmuaga katta eʼtibor qaratdi, muntazam restavratsiya va tadqiqotlar yoʻlga qoʻyildi.
Hozirgi maqomi
Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasi bugungi kunda Qozogʻistonning Turkiston shahrida joylashgan boʻlib, “Azret Sulton” davlat tarixiy-madaniy qoʻriqxonasi tarkibiga kiradi. 2003 yilda u YuNESKOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritildi. Shu tariqa, u nafaqat mintaqaviy, balki umumbashariy ahamiyatga ega yodgorlik sifatida tan olingan.
Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasi — bu nafaqat bir ulugʻ mutasavvif qabri ustiga qurilgan inshoot, balki Amir Temur davridagi siyosiy qudrat, diniy-maʼnaviy yuksalish va turkiy xalqlarning birlik ramzini mujassam etgan ulkan obidadir. Uning maketining Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida joylashtirilishi ham bejiz emas. Bu orqali tashrif buyuruvchilar Xoja Ahmad Yassaviy shaxsiyati, Temuriylar davri meʼmoriy yuksakligi va xalqaro miqyosda tan olingan bebaho meros haqida yanada toʻliq tasavvurga ega boʻladilar.
Husan Tursunov
P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
