Arslon ham emas, qush ham — bu mifologik maxluq qadimda nimaning ramzi boʻlgan?

🔴 Qadimgi mifologiya va sanʼat uygʻunligi


    Ahamoniylar davriga oid, miloddan avvalgi IV asrda yaratilgan noyob oltin uchlik artefakt tarix va sanʼat muhitini larzaga soldi. Ushbu 24,5 sm uzunlikdagi, 40 gramm ogʻirlikdagi buyum nafaqat moddiy, balki maʼnaviy va estetik yuksaklikni namoyon etadi.

 

    Buyumda eng diqqatga sazovor jihat — qadimgi mifologik maxluq, Griffon tasviri hisoblanadi. Bu tasvir buyumning oddiy hunarmandchilik emas, balki mafkuraviy-ramziy maʼno kasb etuvchi sanʼat asari ekanini koʻrsatadi.

 

    Ahamoniylar davridagi ushbu uslub Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati bilan uygʻunlashgan boʻlib, Tillatepa qazilmalaridan maʼlum boʻlgan boshqa artefaktlar bilan ham mushtaraklik kasb etadi.

 

    Tahlillarga koʻra, ushbu oltin uchlik ehtimol aristokratiya va harbiy tabaqaga mansub boʻlib, uning har bir burchagida oʻtmish madaniyati, sanʼati va tarixiy hikoyasi aks etgan. Hozirda mazkur artefakt Sem Fogg kolleksiyasida saqlanmoqda va kelgusida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar boʻlimida namoyish qilinishi mumkin.

 

    Shu kabi tarixiy buyumlar nafaqat arxeologik ahamiyatga, balki milliy oʻzlikni anglash va madaniy merosni saqlashda ham beqiyos ahamiyat kasb etadi.