Yevropa Fargʻoniydan qanday ilhom olganini bilasizmi?

 

🔴 Gollandiyadan keltirilgan noyob asboblar: ilmiy va badiiy boylikni koʻrishni istaysizmi? 

 

🔴 Islom ilm-fani va Markaziy Osiyoning dunyoviy sahnadagi oʻrni qanday asoslarga ega?




    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat milliy meros, balki butun islom olamiga daxldor ilmiy va madaniy boyliklarni oʻz ichiga olgan zamonaviy markazga aylanmoqda. Bu yerda faqat tarix emas – fan, texnologiya va badiiy estetika ham uygʻunlikda taqdim etilmoqda.

 

    Markaz ilmiy ekspozitsiyalarini yanada boyitish maqsadida yaqinda Gollandiyadan ikki noyob asbob – Qibla koʻrsatgich va Asturlob olib kelindi. Ushbu eksponatlar islom ilm-fanidagi muhim kashfiyotlarning amaliy namunasi hisoblanib, ular nafaqat tarixiy, balki yuksak ilmiy va estetik ahamiyatga ham ega.

 

    – Bu asboblar astronomiya, geografiya va matematika sohalaridagi ulkan ilmiy yutuqlarning moddiy timsoli boʻlib, Markaziy Osiyo olimlarining jahon ilm-fanida tutgan oʻrnini namoyon etadi, – deydi tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Faxriddin Ibragimov.

 

    Qibla yoʻnalishini aniqlash islom dinida juda muhim amaliy masala boʻlgan. Hozirgi versiyada taqdim etilayotgan Qibla koʻrsatgich XVII–XVIII asrlar Isfahonda yaratilgan asboblardan ilhomlangan. Uning ilmiy asosi al-Beruniy ishlab chiqqan retro-azimutal proyeksiyaga tayanadi.

 

    Bu asbobda 100 dan ortiq shaharning koordinatalari joylashtirilgan boʻlib, ularning koʻpchiligi XV asrda Markaziy Osiyoda tuzilgan geografik roʻyxatlar asosida tanlangan. Asbob diametri – 18 sm boʻlib, undagi bezaklar va geometriya uygʻunligi uni amaliy asbobdan tashqari, haqiqiy badiiy asarga aylantiradi.


    Astrolyabiya (asturlob) – insoniyat tarixidagi eng qadimiy va murakkab astronomik asboblardan biri. Ilk elementlari miloddan avvalgi II asrga borib taqalsa-da, uning mukammal shakli IX asrda islom olimlari tomonidan yaratilgan.

 

    Ahmad Fargʻoniy – astrolyabiya nazariyasini takomillashtirgan olimlardan biri boʻlib, u nafaqat qurilish qoidalarini ishlab chiqqan, balki matematika asosida sonli jadvallar bilan taʼminlagan. Shu bois, Yevropa astrolyabiyalarining qurilishi aynan uning ilmiy merosiga asoslangan.

 

    Islom sivilizatsiyasi markazida namoyish etiladigan mazkur asturlob 1555 yilda Lyoven shahrida yasalgan Maykl Piker dizaynidan ilhomlangan. Unda anʼanaviy arab asturloblarining belgilaridan tashqari, zamonaviy funksiyalar ham joriy etilgan. Asbobning diametri – 18 sm.


    Qibla koʻrsatgich va asturlob – bu asboblar orqali nafaqat tarixiy yutuqlar, balki bugungi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan ilm-fan anʼanalari qayta yoritilmoqda. Ularning Islom sivilizatsiyasi markazida namoyish etilishi oʻz navbatida yosh avlodni ilmiy merosimiz bilan yaqinroq tanishtirishda muhim qadam hisoblanadi.