Milliy meros asrab qolindi: Bojxona qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga topshirildi
🔴Asrlar qaʼridan chiqqan meros
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan qonunga xilof ravishda mamlakat hududidan olib chiqib ketilishiga urinish oqibatida ushlangan 325 dona qadimiy tangalar, zargarlik buyumlari va artefaktlar musodara qilinib, belgilangan tartibda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi fondiga vaqtincha saqlovga topshirildi.
Madaniy meros agentligi Badiiy ekspertiza boshqarmasi sanʼatshunoslarining xulosasiga koʻra, ushbu ashyolar eramizdan avvalgi II–I asrlardan XX asrgacha boʻlgan davrni qamrab oladi. Ular tarixiy va madaniy qiymati yuqori boʻlgan noyob boyliklar sifatida baholanib, taxminiy qiymati salkam 400 mln soʻmni tashkil etdi.
Yaqinda “Keles” temir yoʻl chegara bojxona postida mamlakatimiz hududidan yashirin tarzda noyob tarixiy boyliklarni olib chiqib ketishga uringan shaxs fosh qilindi. Xususan, “Toshkent-Novosibirsk” reysi boʻyicha yoʻlovchi poyezdida respublikamizdan chiqib ketayotgan fuqaroning qoʻl yuki va sumkalari ichida bojxona xodimlarining ogʻzaki soʻrovi vaqtida maʼlum qilinmagan 325 dona qadimiy tangalar, zargarlik buyumlari, artefaktlar, girya va kamon oʻqi uchlari borligi aniqlandi.
“Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 8-moddasiga muvofiq, ellik yil muqaddam va undan avvalroq yaratilgan madaniy boyliklarni mamlakat hududidan olib chiqish qatʼiy man etilgan. Davlat bojxona xizmati organlari milliy merosimizni asrab-avaylash va qonunbuzarliklarning oldini olish yoʻlida muntazam chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.
Shu tariqa, milliy merosimiz kontrabandachilar qoʻlidan qutqarilib, Bojxona qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi fondiga topshirildi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
