Amir Temur siymosi tasvirlangan tarixiy miniatyuralarning faksimile nusxalarini chop etish rejalashtirilmoqda
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur merosini keng jamoatchilikka zamonaviy usullar orqali yetkazishga qaratilgan navbatdagi “Amir Temur siymosi aks etgan miniatyuralar” nomli medialoyihani amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Loyiha doirasida Amir Temur siymosi tasvirlangan tarixiy miniatyuralarning faksimilelari yaratiladi. Ular ekspozitsiya tarkibiga kiritilib, tashrif buyuruvchilarga o‘zbek miniatyura sanʼatining nozik jihatlari orqali Amir Temur davri ruhiyatini his etish imkonini beradi. Ushbu nusxalar yuksak sifatda, asliga yaqin tarzda tayyorlanib, tarixiy haqiqatni aks ettirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, ekspozitsiyada zamonaviy texnologiyalar yordamida maxsus monitorda Amir Temur siymosi tasvirlangan miniatyuralarning harakatlanuvchi tasviri ham namoyish etiladi. Ushbu animatsiyalangan tasvirlar orqali tomoshabin miniatyura sanʼatini nafaqat surat sifatida ko‘rish, balki uni harakatda kuzatish orqali yana-da chuqurroq anglash imkoniga ega bo‘ladi. Mazkur medialoyiha Islom sivilizatsiyasi markazining madaniy-maʼrifiy faoliyatidagi muhim qadam bo‘lib, yosh avlodni tarixga qiziqtirish, Amir Temur shaxsiyatini sanʼat vositasida yoritish va milliy merosimizni interaktiv tarzda ommalashtirishga xizmat qiladi. Bu esa nafaqat o‘zbek tarixini, balki jahon tamaddunida Amir Temur tutgan o‘rinni ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etadi deyish mumkin.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
