Qurʼonning ilk tarjimalari tarixi

 

🔴 Qurʼonni anglash yoʻlidagi birinchi qadamlar

 

🔴 Madaniy meros va til rivoji



 

    Qurʼoni Karim — Allohning kalomi sifatida insoniyatga nozil qilingan Muqaddas kitob. U arab tilida tushirilgani bois, bu tilni bilmagan xalqlar uni oʻqib anglashda qiyinchilikka duch kelgan. Shu sababli, islomni qabul qilgan turk va fors xalqlari Qurʼon maʼnolarini oʻz ona tillarida oʻqishga ehtiyoj sezishgan.

 

    Rivoyatlarga koʻra, Salmon Forsiy “Fotiha” surasini forscha tarjima qilgan va musulmonlar uni namozda oʻqigan. Paygʻambarimiz (s.a.v.) bu ishni man etmaganlari ham Qurʼon tarjimalari islomning ilk asrlaridanoq yoʻlga qoʻyilganini koʻrsatadi.


     Fors tilidagi ilk tarjimalar

 

    X asrda Somoniylar hukmdori Mansur ibn Nux topshirigʻi bilan Qurʼonning ilk toʻliq forscha tarjimasi yaratildi. Bu ishda Tabariyoning mashhur “Jomi’ ul-bayan” asari asos sifatida olingan. Buxoro, Balx, Samarqand va Fargʻona ulamolari ishtirokida arab matni satrma-satr fors tiliga oʻgirildi. Keyinchalik Nasafiy va boshqa ulamolarning asarlari orqali bu jarayon XI–XII asrlarda ham davom etdi.

 

     Turkcha tarjimalarning paydo boʻlishi

 

     Qurʼonning turkcha tarjimasi qaysi asrda amalga oshirilgani haqida aniq maʼlumotlar yoʻq. Biroq turkolog olimlar ilk tarjimalar X–XI asrlardayoq yozilganini qayd etadi. Ular “satr-aro” usulida — har bir arabcha soʻz ustiga yoki ostiga turkcha muqobili yozib borilgan shaklda yaratilgan. Bu uslub turk tilida yangi islomiy atamalarning shakllanishiga ham turtki berdi.

 

     “Aralash tilli” nusxalar

 

    XII–XIV asrlarda qoraxoniy, qipchoq va oʻgʻuz unsurlari aralash holda yozilgan turkiy tarjimalar paydo boʻldi. Ular orasida eng mashhuri — Istanbuldagi Sulaymoniya kutubxonasida saqlanayotgan 222 varaqdan iborat nusxadir. Unda arabcha matn yirik harflarda, turkcha tarjima esa kichik yozuvda satrlar orasiga kiritilgan. Ayrim sahifalarda hadislar va tafsir izohlari ham berib oʻtilgan.


    Qurʼon tarjimalari nafaqat diniy maʼrifatni kengaytirdi, balki turkiy tillarning boyishi va rivojlanishiga ham katta hissa qoʻshdi. Fors va turk tillarining birga qoʻllanilishi madaniy muloqot va bir-birini boyitish jarayonini kuchaytirdi.

 

    Bugungi kunda ham Toshkent, London, Dublin, Mashhad kabi shaharlardagi yirik kutubxonalarda forscha va turkcha Qurʼon tarjimalari qoʻlyozmalari saqlanmoqda. Bu meros islom sivilizatsiyasi va turkiy xalqlar tarixida ulkan ahamiyatga ega.

 

Durdona Rasulova

P/S :Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.