Ilm va maʼrifat bilan dunyoni fath qilgan sulola!
🔴Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi muzeyining hayratlanarli kontentlari
🔴Qadimiy qoʻlyozmalardan sunʼiy intellektgacha: muzey moʻʼjizalarida siz kutmagan sayohat
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi — bu nafaqat tarixni eslatuvchi maskan, balki buyuk ajdodlarimizning ilmiy va madaniy merosini zamonaviy texnologiyalar yordamida qayta jonlantiradigan maʼrifat dargohidir.
Markazga tashrif buyurgan har bir mehmon uchun juda koʻp hayratlanarli taqdimotlarga guvoh boʻlishadi. Islomdan avvalgi davrdan boshlab bugungi Yangi Oʻzbekistongacha ilmiy-maʼrifiy, tahliliy maʼlumotlar innovatsion yondashuvlar bilan namoyish etiladi. Xususan, Temuriylar sulolasi hukmronlik qilgan Ikkinchi Renessans davri ruhini his qilishi imkoniyati yaratiladi. Chunki bu sulola davlat boshqaruvi bilan birga, ilm-fan va maʼrifat homiyligida ham betakror iz qoldirgan.
Yulduzlarni yerga tushirgan olim
Markaz muzeyining Ikkinchi Renessans Temuriylar davri boʻlimidagi eng yorqin qahramonlardan biri — Mirzo Ulugʻbek. U tarixda nafaqat saltanat sohibi, balki buyuk astronom sifatida ham yuksak obroʻ qozongan. Samarqandda barpo etgan rasadxonasidagi kuzatuv natijalari Yevropa ilm-fanida asrlar davomida qoʻllanma boʻlib xizmat qildi. Markaz muzeyidagi 3D simulyatsiyalar orqali tashrif buyuruvchilar Ulugʻbekning yulduzlar harakatini qanchalik aniqlik bilan hisoblaganini yaqqol koʻrishlari mumkin.
Ilm va adabiyot homiysi
Ulugʻbekning otasi Shohrux Mirzo Hirotni ilm va adabiyot markaziga aylantirgan. Markazdagi ekspozitsiyalar orqali mehmonlar oʻsha davr madrasalari, kutubxonalari va olimlar muhitini virtual sayohatda koʻrish imkoniga ega boʻladilar.
Qoʻlyozmalar xazinasi bunyodkori
Hirotdagi eng yirik kutubxonani yaratgan Boysungʻur Mirzo matematika, xattotlik va sanʼatni yuksak qadrlagan shahzoda edi. Markazda u bilan bogʻliq eksponatlar, ayniqsa mashhur “Shohnoma” nusxasi, kitobat madaniyatining noyob namunasi sifatida taqdim etilmoqda.
Madaniyat homiysi
Hirotda hukmronlik qilgan Abulqosim Bobur olimlar va ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlab, maʼnaviy muhit rivojiga hissa qoʻshgan. Markazda uning faoliyati ham alohida koʻrgazmalar orqali yoritilmoqda.
Tabiat va tarix ensiklopedisti
Temuriylarning buyuk vakili Bobur Hindistonda Boburiylar davlatini barpo etibgina qolmay, “Boburnoma” asari orqali tarix, geografiya, botanika va etnografiyani qamrab olgan. Markazda uning tabiat va inson hayotini tasvirlagan kuzatuvlari interaktiv shaklda taqdim etilib, mehmonlarga ensiklopedik merosni his qilish imkoni beriladi.
Xulosa
Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyida Temuriy shahzodalarning ilm-fan va maʼrifatga qoʻshgan hissasini zamonaviy texnologiyalar, raqamli ekspozitsiyalar va sunʼiy intellekt orqali namoyish etiladi. Ulugʻbekning yulduzlar haqidagi hisob-kitoblari, Shohrux va Boysungʻurning kutubxona va adabiyotga qaratgan eʼtibori, Boburning “Boburnoma”si – bularning barchasi nafaqat tarix, balki bugungi avlod uchun ham bebaho maʼrifat manbaidir.
Laylo Abdukaxxarova
P/S :Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
