Butun dunyo musulmonlari nega Toshkentga kelishni orzu qiladi?
🔴Islom olamining eng muqaddas merosi haqida haqiqatlar
🔴Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hayratlanarli kashfiyotni taqdim etadi
Oʻzbekiston dunyo tamadduni tarixida oʻchmas iz qoldirgan buyuk davlatlar vorisidir. Asrlar davomida bu zaminda yuksak meʼmorchilik, sanʼat va adabiyot durdonalari yaratilgan. Ular hanuzgacha butun dunyodagi ixlosmandlarni hayratga solib kelmoqda. Mana shunday ulkan merosdan biri — Hazrati Usmon (r.a.) davrida koʻchirilgan muqaddas Qurʼoni karim qoʻlyozmasi, yaʼni Usmon Mushafidir.
Bu nodir qoʻlyozma asrlar davomida asrab-avaylanib, hozirda Toshkentdagi “Moʻyi muborak” madrasasi muzeyida saqlanmoqda. Ayni vaqtda u 338 ta varaqdan iborat boʻlib, ularning har biri qalin terida 12 qatordan yozilgan muqaddas oyatlarni oʻz ichiga oladi. Ajablanarlisi, oyatlarning katta qismi chirigani sababli sahifalar qogʻoz bilan yamalgan va oyatlar ularning ustida qaytadan yozilgan.
Hazrati Usmon Mushafida Qurʼonning 114 surasidan bor-yoʻgʻi ikkitasi — “Anʼom” va “Toha” suralari toʻliq yetib kelgan. Boshqa suralar yo qisman, yo umuman yoʻqolgan. Hozirgi holatda 6236 oyatdan faqat 2108 tasi saqlanib qolgan.
Davlatning yuksak eʼtibori
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va gʻoyasi bilan qurilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazida Mushaf uchun maxsus Qurʼoni karim zali barpo etilmoqda. Bu markaz ochilgandan keyin Hazrati Usmon Mushafi ana shu zalning markaziy ayvonida, zamonaviy muhofaza tizimlari ostida namoyish etiladi.
Hujjatlarga koʻra, XX asr boshlarida Mushaf 353 varaqdan iborat boʻlgan. Bir asr mobaynida uning 15 sahifasi yoʻqolib ketgan. Shu bois Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 8 iyundagi 115-sonli “Usmon Mushafi”ni talab darajasida saqlashni taʼminlash toʻgʻrisida”gi maxsus qarori qabul qilindi. Germaniyadan olib kelingan maxsus sandiq (sarkofag)da bu nodir asar namlik va harorat moʻʼtadil sharoitda saqlanmoqda.
Yoʻqolgan sahifalar izidan
2025 yilda Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi Kuvayt va Buyuk Britaniyaga amalga oshirgan xizmat safarlar chogʻida Mushafning yoʻqolgan sahifalaridan yana 7 tasini aniqladi.
- Xususan, Kuvaytdagi Rajab Toriq muzeyidan 6 ta - 70, 80, 211, 217, 246, 340 sahifalar, Britaniyadagi mashhur kolleksiyadan 1 ta varaq - Oli Imron surasining 178-179 oyatlari bitilgan sahifasi topildi. Ular Toshkentdagi Mushafning aynan yetishmayotgan sahifalari ekani maʼlum boʻldi, - deydi markaz ilmiy kotibi Rustam Jabborov.
Xulosa
Hazrati Usmon Mushafi — nafaqat islom olamining eng bebaho qadriyatlaridan biri, balki insoniyat tarixidagi qimmatli ilmiy va madaniy durdonalardan hamdir. Uni asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga yetkazish — bizning muqaddas burchimizdir. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyida ushbu buyuk qoʻlyozmaga munosib eʼtibor qaratilishi, binoning markaziy qismi - Qurʼoni karim zali oʻrtasida ushbu nodir manba uchun maxsus ayvoncha qurilgani, bu qadimiy mushafni ziyorat qilish uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratilishi “Hazrati Usmon mushafi”ga qaratilgan yuksak eʼtibor namunasidir.
Durdona Rasulova
P/S :Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
