ISM ekspozitsiyasida qadimgi suv inshootlarining nusxasi yoki maketi emas, haqiqiysi joylashtiriladi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini boyitish maqsadida tuzilgan ilmiy-innovatsion loyihalar doirasida qadimgi suv inshootlarini zamonaviy uslubda namoyish etish ishlari boshlab yuborildi. Ekspozitsiyada tarix, bugun va kelajak uyg‘unligiga e’tibor qaratilmoqda, har bir loyiha esa muzeylashtirishga innovatsion yondashuv asosida shakllantirilmoqda.  


Markazda sug‘orish tizimlarida foydalanilgan asbob-uskunalarning interaktiv maketlari joylashtirilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu loyiha Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti direktori Abduvohid Urazkeldiyev rahbarligidagi olimlar guruhi tomonidan amalga oshirilmoqda. 


Institut kichik ilmiy xodimi Javlon Qutlimurodov ta’kidlashicha, maketlar real harakatda bo‘lib, tashrif buyuruvchilarga qadimiy sug‘orish tizimi qanday ishlaganini amalda namoyish etadi.
 

"Ekspozitsiya uchun turli xil suv inshootlari maketlarini namuna sifatida yasadik. Ularni markazga eksponat sifatida taqdim etamiz. Ekspozitsiyada joylangan maketlar doimiy ish jarayonida bo‘ladi. Turgan joyida suv tortadi, suvni harakatga keltiradi. Bu tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg‘otadi, deb o‘ylayman. Zero, suv bor joyda rivojlanish bo‘lgan, qadimgi suv inshootlari o‘sha davr sivilizatsiyasi haqida so‘zlaydi. Ayni kunlarda maketlarning hajmi va shakli qay tartibda bo‘lishi ustida fikr almashyapmiz", — dedi Javlon Qutlimurodov.


Qadimda Xorazm hududida suv bilan bog‘liq muammolar bo‘lgan. Ularni hal etish uchun mahalliy olimlar tomonidan turli gidrotexnik inshootlar yaratilgan. Amudaryodan to‘g‘onsiz suv olish, drenaj tizimlari va sug‘orish yo‘llari kabi yechimlar bu hududning sivilizatsiyaviy rivojida muhim o‘rin tutgan. Yunon, Rim va zardushtiy manbalarda Xorazmdagi suv inshootlari haqida ma’lumotlar keltirilgan. Abu Rayhon Beruniy va Xorazmiy kabi olimlar asarlarida ham Amudaryo havzasi va suv tizimlari keng yoritilgan.  


Qadimgi Xorazmdagi ariqlar, chig‘irlar, korizlar va sardobalarning borligi, ular orqali qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish tartibi ushbu hududda gidro-meliorativ tizimlar taraqqiyoti yuqori darajada bo‘lganini ko‘rsatadi. Ekspozitsiyada ana shu tarixiy meros interaktiv ravishda taqdim etiladi.