Jahon sivilizatsiyasiga tuhfa etilgan oltin meros



 

    Qogʻoz insoniyat tarixidagi eng buyuk ixtirolardan biri boʻlib, yozuv madaniyati, ilm-fan va maʼrifat taraqqiyotida beqiyos ahamiyat kasb etgan. Ushbu ixtiro tufayli tarixiy xotira saqlanib qoldi, bilim avloddan avlodga oʻtdi, insoniyat tafakkuri yangi bosqichga koʻtarildi.

 

    Bugungi kunda dunyo boʻylab qogʻozning yuzlab turlari ishlab chiqarilayotgan boʻlsa-da, tarixda shunday bir alohida urin egallagan qogʻoz borki, u nafaqat hunarmandchilik namunasi, balki madaniy boylik sifatida qadrlanadi. Bu — Samarqand qogʻozi.



 

     Qogʻoz tarixi va Samarqandning tarixiy oʻrni

 

    Qadimda yozuvlar tosh, suyak, sopol va pergamentga bitilar edi. Ammo VIII asrda bu holat oʻzgardi — 751 yildagi Talos vodiysidagi urushdan soʻng xitoylik ustalar asir olinib, ularning qogʻoz tayyorlash sirlari Samarqandga yetdi. Bu yerda mahalliy hunarmandlar oʻz tajribalarini qoʻshib, mato boʻlaklari asosida mustahkam, sifatli va yozuv uchun qulay qogʻoz turini ishlab chiqardilar. Samarqand qogʻozi qisqa vaqt ichida Sharq va Gʻarb bozorlarini egalladi. Oʻrta asrlarda “Samarqand sulton qogʻozi”, “Samarqand shoyi qogʻozi”, “Mir Ibrohimiy”, “Nimkanop qogʻozi” kabi turlari yaratildi. Ular rang-barangligi, mustahkamligi va maxsus ishlovlari bilan mashhur boʻlgan.  Ayniqsa, xattotlar xatolarni oson tuzatish imkoniyatiga ega boʻlgan “ohor muhrali” qogʻozni juda qadrlashgan. Unda xatolarni tuzatish oson boʻlgan.

 

     Ilm va maʼrifat targʻibotida Samarqand qogʻozi

 

    Samarqand qogʻozi yordamida minglab qoʻlyozma asarlar koʻchirildi. Bu qogʻozda faqatgina kitoblar emas, balki ilm, sheʼriyat, din va huquq sohalaridagi muhim manbalar yozilgan. Ibn Qudoma al-Maqdisiy uni maqtab, shunday deydi:
“Xorazm kamoni, Shosh idishlari va Samarqand qogʻozi tengsiz edi.”

 

     Islom sivilizatsiyasi markazidagi oʻrni

 

    Hozirda Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazining islomdan avvalgi davrga bagʻishlangan ekspozitsiyasida Samarqand qogʻozi alohida oʻrin egallagan. Bu yerda tashrif buyuruvchilar qogʻoz ishlab chiqarish jarayoni, uning tarixi va insoniyat taraqqiyotidagi ahamiyati bilan tanishadilar.

 

     Samarqand qogʻozi — dunyo merosi

 

    Samarqand qogʻozi — faqat bir hunarmandchilik mahsuloti emas. U — ilm-fan, madaniyat va tarixiy xotiramizning asosiy poydevorlaridan biri. Uning yaratilishi, rivojlanishi va tarqalishi insoniyatning maʼrifatga intilish yoʻlidagi buyuk yutuqlaridan sanaladi. Bugungi kunda ham Samarqand qogʻozi nafaqat muzeylarda, balki dunyodagi qadim va buyuk meroslar qatorida ulugʻlanmoqda.

 

Durdona Rasulova

P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.