Fargʻona haqiqati: 2000 yillik sivilizatsiya sirlarini birga ochamiz!

 

🔴“Qon terlaydigan samoviy otlar”ni koʻrmoqchimisiz? Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida siz uchun tarix darvozasi ochiladi!

 

🔴Soʻx topilmasi va Chust madaniyati – oʻtmishga yoʻllovchi kalit


    Fargʻona vodiysi insoniyat sivilizatsiyasida ilk davlatchilik va madaniy taraqqiyot markazlaridan biri sifatida alohida oʻrin tutadi. Geografik joylashuvi, savdo yoʻllariga yaqinligi va tabiiy boyliklari tufayli bu hudud qadimdan odamlarni oʻziga jalb etgan. Arxeologik topilmalardan maʼlum boʻlishicha, bu yerda miloddan avvalgi mingyilliklardayoq shahar madaniyati yuzaga kelgan, dehqonchilik, chorvachilik va hunarmandchilik rivojlangan.

 

     Fargʻonaning sirli merosi

 

    1894 yilda topilgan Soʻx topilmasi – qadimgi Fargʻona sanʼati va maʼnaviy dunyoqarashining nodir namunasi. Xrizotil toshidan ishlangan, ikki boshli ilon shaklidagi antiqa eksponatning vazifasi haqida turli ilmiy qarashlar mavjud: ayrim olimlar uni qurbonlik ramzi, boshqalar ogʻirlik oʻlchovi yoki uy xoʻjaligida qoʻllanilgan asbob deb baholaydi.




    Mazkur topilma Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida namoyish etilib, tadqiqotchilar va yoshlar uchun muhim ilmiy manbaga aylanishi kutilyapti.

 

     Samoviy otlar

 

    Miloddan avvalgi II asr Xitoy manbalarida Fargʻona otlari haqidagi maʼlumotlar yozib qoldirilgan. Chjan Syanning taʼriflariga koʻra, Fargʻonada “qon terlaydigan samoviy otlar” yashagan va ularning kuch-qudrati Xitoy imperatorlarini hayratga solgan.


    Samoviy otlar harbiy qudrat timsoli boʻlishi bilan birga, madaniy va estetik obraz sifatida ham mashhur. Ular Xitoy saroy bezaklarida, haykallarida va adabiy asarlarida aks etgan. Shuningdek, Arvon togʻlaridagi petrogliflarda ham ularning tasvirlari saqlanib qolgan.




    Samoviy otlar inson mehnati, chorvachilik madaniyati va tabiat uygʻunligining timsoli sifatida tarixga kirgan. 

 

     Ilk shaharlar va davlatchilik

 

    Fargʻona hududida miloddan avvalgi II–I asrlarda Axsikent (Yuan), Koson (Guyshan), Eylton (Yuchen) kabi yirik shaharlar barpo etilgan. Ular mudofaa devorlari, bozor maydonlari va hunarmandchilik ustaxonalari bilan rivojlangan shaharsozlikning ilk namunasini yaratgan.

 

    Axsikent (Yuan) – Fargʻona davlatining poytaxti. Uning mudofaa devorlari mustahkam boʻlib, shahar ichki qismida hunarmandchilik ustaxonalari va bozor maydonlari mavjud boʻlgan.

 

    Koson (Guyshan) – strategik ahamiyatga ega markaz boʻlib, koʻp qatlamli mudofaa tizimlari bilan mashhur.

 

    Eylton (Yuchen) – yozma manbalarda tilga olingan. Miloddan avvalgi II asrdagi kuchli zilzila oqibatida vayron boʻlgani haqida maʼlumotlar mavjud.

 

    Chust va Dalvarzin – shaharsozlik jarayonlarining ilk bosqichini ifoda etadi.
Chust madaniyati aholisi sugʻorma dehqonchilik bilan shugʻullangan, sopol idishlar, bronza qurollar va zeb-ziynat buyumlari yaratgan. Bu ularning iqtisodiy taraqqiyoti va estetik didini namoyon etadi.



 

    Shaharlarning tuzilishida qalʼa, shahriston va rabot tartibining mavjudligi urbanizatsiya jarayonlari ilk davrlardan rivojlanganini koʻrsatadi.

 

     Davlatchilik jarayonlari

 

    Fargʻonada dehqonchilik, chorvachilik va hunarmandchilik aholining asosiy daromad manbai boʻlgan. Sugʻorma dehqonchilik tizimi taraqqiy etgan, bu esa aholi turmush darajasini oshirgan.


    Fargʻona geografik joylashuvi tufayli Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi savdo yoʻllarida muhim rol oʻynagan. Xitoy, Baqtriya, Sugʻd va boshqa hududlar bilan aloqalar rivojlangan.

 

    Bu jarayonlar Fargʻonada davlatchilik tizimi nafaqat iqtisodiy, balki madaniy va ijtimoiy rivojlanish bilan ham uzviy bogʻliq boʻlganini koʻrsatadi.

 

     Ilk sivilizatsiya beshigi

 

    Fargʻona tarixi nafaqat iqtisodiy, balki madaniy va ijtimoiy taraqqiyot jarayonlari bilan ham uzviy bogʻliq. Samoviy otlar, Soʻx topilmasi va Chust madaniyati kabi yodgorliklar bu hududning ilk sivilizatsiya beshigi sifatidagi oʻrnini yanada yorqin namoyon qiladi.


    Ayniqsa, Fargʻona otlari – “samoviy otlar” timsoli – milliy iftixor sifatida koʻrgazmada alohida oʻrin egallab, kelajak avlod uchun tarixiy maʼnaviy saboq boʻlib xizmat qilmoqda.

 

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bu ekspozitsiyalar maxsus konsepsiya asosida namoyish etilishi, ularning ahamiyatini oshirib, yosh avlod uchun tarixiy-maʼnaviy saboq boʻlib xizmat qilmoqda.

 

 

Durdona Rasulova

P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.