37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

 

🔴Feruzarang koinot qoʻriqchisi –  XV asr Samarqandi XXI asr Toshkentida qayta gavdalanmoqda

 

🔴Islom sivilizatsiyasi markazidagi yangi ilmiy va ruhiy ramz sirlari




    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining eng diqqatga sazovor nuqtalaridan biri — binoning sharqiy tomonida qad rostlagan Ulugʻbek portali. Uning meʼmoriy qiyofasi XV asr Samarqand madrasalariga xos anʼanalar asosida, zamonaviy uslublar bilan uygʻun holda yaratilgan.

 

     Tarixiy ildizlar va maʼnaviy davomiylik

 

    Mirzo Ulugʻbek (1394–1449) — buyuk davlat arbobi, ilm-fan homiysi va dunyo miqyosida tanilgan olim sifatida tarixda oʻchmas iz qoldirgan. U qurdirgan madrasalar va rasadxona asrlar davomida ilm-maʼrifat markazi boʻlib keldi. Ulugʻbek madrasasi portalidagi ilmga chorlovchi naqshlar va yozuvlar ilmiy merosning ramzi boʻlganidek, bugungi Ulugʻbek portali ham ana shu ruhning zamonaviy davomi hisoblanadi.

 

     Meʼmoriy tarh — maʼnaviy ramz

 

    37,7 metr balandlik va 33,7 metr kenglikka ega portal simmetriya qonuniyatlariga muvofiq qurilgan. Bu simmetriya inson qalbi va tafakkuri uygʻunligini, ichki va tashqi olam birligini anglatadi. Qanotlardagi kvadrat minoralar — mukammallik va millatning ulugʻvorligini ifoda etadi.


    Kirish qismidagi uch eshik — uch Renessans davriga ishora qilib, yurtimizdagi ilm-maʼrifat uygʻonishlarini esga soladi.

 

     Ranglar va naqshlardagi olam siri

 

    Portal feruzarang koshinlar bilan bezatilgan — bu rang koinot, tinchlik va bagʻrikenglik ramzi sanaladi. Qanotlardagi gulli girix naqshlar Mirzo Ulugʻbekning astronomik kashfiyotlariga ishora qiladi, ayrim joylarda olam xaritasi va metagalaktika modellari aks etgan.

 

     Epigrafika — ilm va maʼrifatga chorlov

 

    Portalda suls va kufiy xatlarda oyat va hadislar yozilgan. Jumladan, “Oʻqi!” (“Alaq” surasi, 1-oyat) kabi ilohiy daʼvatlar insonni ilmga chorlaydi. Peshtoq va ravoqlardagi har bir yozuv maʼnaviy va axloqiy tarbiya maktabi sifatida xizmat qiladi.

 

     Maʼnaviyat uygʻonishining ramzi

 

    Portal qanotlaridagi oʻnta ravoq — islomning besh asosiy amali va maʼnaviy kamolot bosqichlarini eslatadi. Har bir ravoqda keltirilgan hadislar insonni niyatga sadoqat, kamtarlik va bilimga intilishga chorlaydi.

 

    Ulugʻbek portali — bu shunchaki meʼmoriy obida emas. U ilm, maʼrifat va maʼnaviyat uygʻunligini namoyon etuvchi timsol, Islom sivilizatsiyasi markazining maʼnaviy yuragi. Uning har bir naqshi va har bir oyati keluvchilarni ilmiy izlanishga, fikr uygʻonishiga va yuksak maʼnaviyat sari chorlaydi.

 

 

Durdona Rasulova

P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.