Qozondan Toshkentga: “Islom xalqlari sanʼati” toʻplamidagi oʻzbek merosi namoyish etiladi
🔴Shahrisabz soʻzanalari, ipak yoʻrmalar bilan bezatilgan toʻqimachilik asarlari va xalqimiz maʼnaviy merosini aks ettiruvchi noyob artefaktlar – bebaho eksponatlar yoʻli
Islom madaniyati asrlar davomida turli xalqlarning badiiy didi, maʼnaviy olami va hayotiy qarashlarini uygʻunlashtirib, insoniyat tamadduniga beqiyos hissa qoʻshgan. Bu jarayonda yaratilgan sanʼat asarlari — soʻzana, toʻqimachilik buyumlari, qoʻlyozma kitoblar, hunarmandchilik va uy-roʻzgʻor ashyolari nafaqat bezak sifatida, balki insonning olam tuzilishi, farovonlik va himoya haqidagi tasavvurlarini ifoda etgan.
Ana shunday yuksak ahamiyatga ega meros namunasi Rossiya Federatsiyasining Tatariston Respublikasi Milliy muzeyidagi “Islom xalqlari sanʼati” toʻplamida jamlangan. Bu noyob kolleksiya asrlar davomida turli xalqlar tomonidan yaratilgan badiiy asarlar orqali islom sivilizatsiyasining goʻzal qiyofasini namoyon etadi.
Kolleksiya tarkibida Oʻzbekistonga oid qator eksponatlar ham alohida oʻrin egallaydi. Xususan, XIX–XX asrlarga oid Shahrisabz soʻzanalari, ipak yoʻrmalar bilan bezatilgan toʻqimachilik asarlari va xalqimiz maʼnaviy merosini aks ettiruvchi artefaktlar bu toʻplamni yanada boyitmoqda. Ular yurtimiz ijodkorligi, estetik didi va tarixiy xotirasining jonli guvohi sifatida qadrlanadi.
Ayni paytda Tatariston Respublikasi Milliy muzeyi va Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oʻrtasida ilmiy hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Uning doirasida ekspozitsiyalar, koʻrgazmalar va tadqiqotlar tashkil etilib, madaniy meros keng jamoatchilikka yetkazilmoqda.
Ana shu amaliy hamkorliklar natijasida Qozonda saqlanayotgan mazkur eksponatlar Toshkentda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyida koʻchma koʻrgazma shaklida namoyish etilishi rejalashtirilgan. Bu tashabbus ikki xalq oʻrtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlaydi, shu bilan birga, yosh avlodning tarix va madaniyatga boʻlgan qiziqishini yanada oshiradi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
