Parijda asrab kelinayotgan Temuriylar davri durdonasi
🔴“Baxt qushi” haqidagi 600 yillik doston
🔴 Shoh asarlar qatoridagi noyob qoʻlyozma Oʻzbekistonda taqdim etiladi
Sharq adabiyotining yirik vakili Xoju Kirmoniyning mashhur “Humoy va Humoyun” dostoni Temuriylar davri kitobat sanʼatining haqiqiy durdonasi hisoblanadi. Asar 1437 yilda Shohrux Mirzo hukmronligi davrida Hirotda koʻchirilgan boʻlib, bugungi kunda Parij shahridagi Sanʼat muzeyi kolleksiyasida saqlanmoqda.
Xoju Kirmoniy (1280–1352) Eronning Kermon shahrida tugʻilgan, ijodiy taxallusini “Xoja” soʻzining mahalliy shaklidan olgan. Uning asarlari tasavvufiy gʻoyalar, ishq va ruhiy poklanish mavzulari bilan boy. Shoir umrining asosiy qismini Sherozda oʻtkazib, 1349 yilda shu yerda vafot etgan.
Adibning ijodiy merosi boy va rang-barangdir. Xoju Kirmoniy katta hajmdagi devonidan tashqari, salaflari izidan borib, mashhur “Xamsa” turkumini ham yaratgan. 1439 yilda Hirotda koʻchirilgan kulliyotida shoirning “Xamsa”si va devoni jamlangan boʻlib, ular Temuriylar davridagi adabiy muhitni boyitgan.
Garchi “Humoy va Humoyun” dostoni fors tilida yozilgan boʻlsa-da, olimlar fikricha, shoir turkiy xalqlar folkloridan ilhomlangan. Chunki “Humoy” nomi turkiy xalqlar mifologiyasidagi baxt qushini anglatadi.
Asarda Shom podshohining oʻgʻli Humoy va Chin hoqonining qizi Humoyunning muhabbat sarguzashtlari, qahramonlik va ruhiy iztiroblari beqiyos sheʼriy mahorat bilan tasvirlangan. Asar 4407 baytdan iborat boʻlib, Nizomiyning “Iskandarnoma” dostoni vaznida yozilgan.
Doston nafaqat mazmuni, balki oʻzining betakror miniatyuralari bilan ham qadrlidir. Undagi bezak va suratlar Temuriylar davri kitobat sanʼati Kamoliddin Behzoddan avval ham yuqori darajada boʻlganini yaqqol namoyon qiladi.
Bu qoʻlyozmaning Parijda saqlanishi, Temuriylar davri adabiy merosining jahon madaniyatidagi oʻrni va ahamiyatini koʻrsatadi. Shu bilan birga, uni ilmiy oʻrganish va keng kitobxonlar ommasiga taqdim etish bugungi kunda ham dolzarb masaladir.
Mazkur asar Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining “Oʻzbekiston qoʻlyozma merosi durdonalari” kitob-albomiga kiritilgan boʻlib, yurtimiz madaniy merosining yana bir noyob namunasi sifatida eʼtirof etiladi.
Durdona Rasulova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
