Toshlarda bitilgan tarix: Nurota togʻlaridagi hayratlanarli rasmlar

 

🔴UNESCO eʼtirof etgan meros: Oʻzbekistondagi eng qadimiy galereya haqida

 

    Tarixni biz koʻpincha kitoblar, qoʻlyozmalar yoki arxeologik topilmalardan oʻrganamiz. Biroq insoniyatning eng qadimiy xotiralari nafaqat qogʻozlarga, balki qoyalarga ham muhrlangan. Shuning yorqin namunasi — qoyatosh rasmlari, yaʼni petrogliflar.



 

    Oʻzbekistonda ham bunday yodgorliklar koʻp. Ayniqsa, Nurota togʻ tizmasidagi Sarmishsoy va Qorongʻiungursoy daralari jahon ilm ahlini hayratga solgan. Bu yerdagi tasvirlar orqali ajdodlarimizning kundalik hayoti, ovchilik sahnalari, diniy qarashlari va hatto maʼnaviy olami namoyon boʻladi.

 

    Ilk kashfiyotlar

 

     Qoyatosh rasmlariga qiziqish XIX asrda boshlangan. 1834 yilda rus armiyasi xizmatchisi P.I. Demezon Qizilqum choʻlidagi Bukantogʻda ilk petrogliflarni topdi. Keyinchalik V.V. Bartold, N.I. Veselovskiy, G.I. Pantusov kabi sharqshunos olimlar bu yoʻnalishda ilmiy izlanish olib bordilar.

 

    XX asrning 50-yillaridan boshlab oʻzbekistonlik arxeolog X. Muhammedov mahalliy aholidan olingan maʼlumotlar asosida Sarmishsoyni tadqiq etishga kirishdi. Natijada Nurota togʻlari Markaziy Osiyoning eng yirik petroglif markaziga aylandi.

 

     Ochiq osmon ostidagi muzey

 

     Sarmishsoy – hozirgi paytgacha bu yerda 10 mingdan ortiq tasvir topilgan. Ular ov sahnalari, odamlar, hayvonlar, totemlar, qurol-aslahalar, ot arovalari va diniy ramzlarni qamrab oladi. Bir rasmda — ovchi yoy bilan tuyaga oʻq uzmoqda, boshqasida — boʻri togʻ echkilariga hujum qilmoqda.



 

     Nega qoyaga chizishgan?

 

     Etnograflar turlicha izoh berishadi:

 

Ayrimlar bunga diniy-totem qarashlar sababchi, deb hisoblaydi. 

Boshqalar fikricha, bu — yozuv vazifasini bajargan, urugʻ qaysi hududda ov qilgani qayd etilgan.

 

     Ilmiy tadqiqotlar

 

    1960-yillarda akademik Ya. Gʻulomov tashabbusi bilan tashkil etilgan guruh Sarmishsoy petrogliflarini uch davrga ajratdi:

 

➖Bronza davri — hayvonlar va ov sahnalari;

 

➖Ilk temir davri — qurollar, totemlar, chorvachilik manzaralari;

 

➖Keyingi davrlar — diniy ramzlar, odamlar va maishiy sahnalar.

 

     Xalqaro eʼtirof

 

     1990 yillardan boshlab Oʻzbekiston - Polsha va Oʻzbekiston-Norvegiya ekspeditsiyalari bu yerda ish olib bordi. 2010 yilda Sarmishsoy petrogliflari YuNESKOning Butunjahon merosi dastlabki roʻyxatiga kiritildi.

 

     Asrash muammosi

 

     Biroq bu noyob meros xavf ostida: tabiiy omillar (shamol, yomgʻir, qor) va inson taʼsiri (graffiti, ogʻir texnika) rasmlarni yoʻqotish xavfini kuchaytirmoqda. Shu bois 2004 yilda Sarmishsoyga “ochiq osmon ostidagi muzey-qoʻriqxona” maqomi berilgan.

 

     Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari boʻlimida ushbu petrogliflar nusxasi alohida oʻrin olgan.

 

Durdona Rasulova

P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin