Oʻzbekiston va Eron oʻrtasida yangi ilmiy va madaniy sahifa ochilmoqda

 

🔴 Islom sivilizatsiyasi markazida qoʻshma tadqiqotlar rejalashtirildi

 

🔴 Ilm, madaniyat va maʼrifat yoʻlida birlashuv



 

    Bugun Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida Eron Islom Respublikasining nufuzli delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Eron elchixonasining madaniyat masalalari boʻyicha maslahatchisi Said Amir Karamiy, Islomiy mazhablar xalqaro universiteti rektori doktor Muhammad Hodiy Fallohzoda, Eron Madaniy aloqalar tashkiloti Osiyo va Tinch okeani boshqarmasi direktori doktor Odil Xoniy, doktor Yahyo Jahongiriy hamda Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi rahbariyati va ilmiy xodimlari ishtirok etdi.

 

    Markaz rahbariyati kirish soʻzida ikki davlat oʻrtasidagi madaniy, ilmiy va maʼrifiy hamkorlikning ahamiyati alohida taʼkidlandi. Oʻzbekiston va Eronni asrlar davomida bogʻlab kelayotgan maʼnaviy rishtalar bugun yangi bosqichga koʻtarilayotgani qayd etildi.

 

      Ustuvor yoʻnalishlar

 

      Uchrashuvda qator tashabbuslar ilgari surildi:

 

 ➖taʼlim va qoʻshma tadqiqotlarda hamkorlik,

 

➖ universitetlar oʻrtasida tajriba almashish dasturlari,

 

➖ madaniy tadbirlar va koʻrgazmalarni birgalikda oʻtkazish,

 

➖ fors va oʻzbek tillarida asarlar nashri,

 

➖ madaniy merosni oʻrganish va ommalashtirish boʻyicha qoʻshma loyihalar.

 

     Shuningdek, til — xalqlar va sivilizatsiyalar oʻrtasidagi asosiy koʻprik sifatida qayd etildi. Taʼlim va nashriyot yoʻnalishidagi tashabbuslar ikki davlat xalqlari oʻrtasidagi madaniy yaqinlikni mustahkamlaydi, doʻstlik rishtalarini kuchaytiradi.

 

     Xalqaro hamkorlik va yangi rejalar

 

    Zamonaviy ilm-fan va islomiy tadqiqotlarda hamkorlik qilish, tinchlik va birodarlik gʻoyalarini targʻib etish, yangi memorandumlar imzolash, ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi.

 

    Doktor Muhammad Hodiy Fallohzoda shunday dedi:

 

— Men bu markazda diniy,  tarixiy va ilmiy qadriyatlar uygʻunlashganini koʻrdim. Bino muhtasham, butun bir davlatchilik tarixini mujassam etgan. “Tarixiy Oʻzbekiston”, “ilmiy Oʻzbekiston”, gʻoyalari hamkorlik uchun mustahkam poydevor hisoblanadi. Agar ilmiy, taʼlimiy va nashriyot sohalarida hamkorlik qilsak, ikki tomon uchun ham foydali boʻladi.



 

    Uchrashuv natijalari Oʻzbekiston va Eron munosabatlari faqat iqtisodiy emas, balki madaniy-maʼnaviy yoʻnalishlarda ham izchil ravnaq topayotganini koʻrsatdi. Islom sivilizatsiyasi markazi kabi nufuzli ilmiy-maʼnaviy muassasalar faoliyatini yanada samarali yoʻlga qoʻyish, hamkorlik koʻlamini kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochildi.