Endi har bir eksponatning tarixini oʻrganish imkoniyati bor!

 

🔴Temuriylar davri: yozma manbalar va sirli maktublar birinchi marta ochiqlandi

 

🔴Oʻzbekistonda yangicha muzey tajribasi: tarixiy manbalar raqamli bazada



 

    Toshkentda barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazida “Ikkinchi Renessans – Temuriylar davri” ekspozitsiyasi yuzasidan ilmiy muhokama boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Oʻzbekiston Milliy universiteti va nufuzli ilmiy muassasalardan yetakchi olimlar ishtirok etdi.

 

    Ekspozitsiyada Amir Temur va Temuriylar sulolasi davriga oid tarixiy hujjatlar, yozma manbalar, diplomatik maktublar, arxeologik topilmalar va noyob artefaktlar namoyish etilmoqda. Zamonaviy axborot texnologiyalari hamda milliy anʼanalar uygʻunligida yaratilgan ekspozitsiya nafaqat tarixiy manbalarni koʻrsatadi, balki ilmiy-tadqiqotlar uchun ham platforma sifatida xizmat qiladi.

 

    Muhokamada qator muhim faktlar va manbalar alohida qayd etildi:

 

➖Amir Temur yorligʻi — Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan tarixiy hujjat;

 

➖Fransiya qiroli Karl VI bilan 1402 yildagi diplomatik yozishmalar;

 

➖Vatikan elchisi Ivon Grinloning Temur saroyidagi kuzatishlari shular jumlasidan.

 

– Markazning asosiy ekspozitsiyalaridan biri – Ikkinchi Renessans – Temuriylar davri. Bu ekspozitsiyada Amir Temur davridagi xalqaro aloqalar, ichki siyosat va iqtisodiy munosabatlarni aks ettiruvchi original tarixiy hujjatlar joylashtirilgan. Zamonaviy muzey texnologiyalari va anʼanaviy muzeyshunoslik meʼyorlari asosida tashkil etilgan bu ekspozitsiya nafaqat tarixiy manbalarni namoyish qiladi, balki ilmiy tadqiqotlar uchun ham qulay platformani taqdim etadi, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi Sanjar Gʻulomov.


    Markaz katta ilmiy maydonga aylanib, xorijlik olimlar uchun ham tadqiqot imkoniyatlarini ochmoqda. Har bir eksponat haqidagi maʼlumotlar yagona elektron bazada jamlangani uni ilmiy izlanishlar uchun noyob manbaga aylantirmoqda.



 

     Xurshid Fayziyev, Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori:

 

– Islom sivilizatsiyasi markazi oddiy muzey emas — kashfiyotlar xazinasidir. Har bir artefakt xalqimiz maʼnaviy merosining yorqin guvohi, yoshlar uchun esa ilmga yoʻlboshchi manbadir.

 

    Muhokama yakunida olimlar ekspozitsiya mazmun-mohiyatini yanada boyitish va ilmiy izohlar tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar berishdi. Ushbu takliflar yaqin kunlarda Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashiga taqdim etiladi.