Prezidentning BMTda ilgari surgan tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi: Islom sivilizatsiyasi markazida ekspozitsiyalar yangilanmoqda




Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi tarixiy nutqida yaqin kunlarda mintaqa uchun noyob loyiha — Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi kutilayotganini taʼkidladi. Davlat rahbari, shuningdek, Oʻzbekistonda bagʻrikenglik siyosati, islom maʼrifati gʻoyalarini chuqur oʻrganish va dunyoga targʻib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida toʻxtalib, “Buyuk ajdodlarimiz – mutafakkir allomalar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiyning boy maʼnaviy va ilmiy merosining alohida taqdimoti Birlashgan Millatlar Tashkilotida oʻtkaziladi”, deb taʼkidlagan edi.

 

Shu tashabbusdan kelib chiqib, Islom sivilizatsiyasi markazida boʻlib oʻtgan navbatdagi Ilmiy kengash yigʻilishida muzey ekspozitsiyasi kontentini takomillashtirish masalasi muhokama etildi.

 

Markaz direktori Firdavs Abduxoliqovning taʼkidlashicha, ekspozitsiyadagi eng noyob eksponatlardan biri — Saudiyadan olib kelingan muqaddas Kaʼbapoʻsh (Kisva)ga tashrifchilarning qiziqishi juda katta. Shu bois ekspozitsiya mazmunan uygʻun boʻlishi uchun u yerga Prezidentimiz xalqaro minbarda ilgari surgan tashabbusga munosib ravishda ajdodlarimiz haqida alohida ekspozitsiyalarni tashkillashtirish taklif etildi.

 

Xususan, Firdavs Abduxoliqov Prezident Mirziyoyevning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlab, Birinchi Renessans ekspozitsiyasida Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiyga alohida uchta kapsula ajratish taklifini ilgari surdi:

 

“Har bir kapsulada yurtimizdagi diniy-maʼrifiy islohotlar va ajdodlar merosi chuqur yoritilishi lozim”, — dedi u.



 

Ilmiy kengash aʼzolari va olimlar bu takliflarni maʼqulladi. Shuningdek, Imom Termiziy va Imom Moturidiy ilmiy tadqiqot markazlari vakillari ham hamkorlikda ishlashga tayyorliklarini bildirdi.

 

Eslatib oʻtamiz, “Birinchi Renessans davri” ekspozitsiyasi IX–XIII asrlarni qamrab olib, 7 ta mavzuli kapsula asosida namoyish etilmoqda. Mazkur loyihalar dizayni ustida esa Italiyaning Magister Art kompaniyasi ish olib bormoqda.