Islom sivilizatsiyasi markazi uchun interaktiv multimedia loyihalari taqdimot qilindi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Rossiyaning “Antalex” kompaniyasi bilan muloqot bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda kompaniya vakillari – Uchkin Anton Konstantinovich, Bulat Shaymandarov hamda onlayn tarzda Pavel Danilov multimedia loyihalarining taqdimotini o‘tkazdi.


Taqdimotda keltirilishicha, markaz ekspozitsiyalarida tarixiy ma’lumotlarni nafaqat vizual, balki interaktiv tajriba sifatida taqdim etish rejalashtirilgan. Ilmiy aniqlik asosida tayyorlanadigan audio-video spektakllar mehmonlarni intellektual sarguzasht sari boshlab boradi. Shuningdek, muzey uchun maxsus mobil ilovani ishlab chiqish taklifi berildi.


Ushbu ilova orqali foydalanuvchilarga virtual xarita, o‘yinlar, audio va video hikoyalar, hamda interaktiv ma’lumotlar taqdim etiladi. 


Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov kompaniya vakillariga qo‘shimcha takliflarni bildirdi. 


"Bizga dunyoning hech bir muzeylarida bo‘lmagan foto-zonalar kerak. Bu g‘oya bilan biz markazni dunyo bo‘ylab ijtimoiy tarmoqlar orqali tekinga reklama qila olamiz. Mehmonlar chiroqlar bilan yoritilgan maxsus hududning o‘ziga ma’qul ko‘rinishini tanlaydi va rasmga tushadi. Albatta, rasmlarni ijtimoiy tarmoqlarga joylaydi va tez orada qiziquvchilar soni yanada ortadi. Eng muhimi, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlaganlaridek, Islom sivilizatsiyasi markazi dunyoning hech bir yerida analogi yo‘q loyiha bo‘lishi lozim. Buning uchun eng zamonaviy texnologiyalar bilan mutlaqo yangi modellarni yaratishimiz lozim."

 

Uchrashuv yakunida ikki tomon o‘zaro qiziqish uyg‘otgan yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashdi va hamkorlikda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha tashabbuslar muhokama qilindi.