“Bu markaz dunyo ilmiy xaritasini oʻzgartiradi” — Indoneziyalik ekspert




Indoneziya Madaniy meros agentligi aloqalar boʻlimi xodimi Fifta Vardxani Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi chogʻida ikki mamlakatni bogʻlab turuvchi umumiy ildizlar haqida fikr bildirdi.


Indoneziyalik mutaxassisning taʼkidlashicha, Indoneziya madaniyatining oʻziga xos jihati shundaki, u tashqi taʼsirlarni mahalliy anʼanalar bilan uygʻunlashtirgan holda saqlab qolgan. Hindu-buddaviy eʼtiqod unsurlari islom davrida ham madaniy qatlam sifatida yashab qolgan.



 

— Garchi Oʻzbekiston va Indoneziya geografik jihatdan dunyoning ikki qarama-qarshi nuqtalarida joylashgan boʻlsa-da, ularni islomiy va madaniy yaqinlik birlashtiradi, Islom dini Indoneziyaga Gʻarbiy Osiyo savdogarlari orqali kirib kelgan. Ular avvalo ziravorlar savdosi bilan shugʻullangan boʻlsalar, keyinchalik ularning diniy taʼsiri mahalliy xalqlar orasida keng tarqalgan. Bu esa madaniy aloqalarning shakllanishiga zamin yaratgan.


Oʻzbekiston bilan aloqalar haqida gap ketganda, Imom Buxoriy hadislarining koʻpchiligi Indoneziyada hanuzgacha oʻrganiladi va qoʻlyozma shaklida saqlanib kelinmoqda. Bu qoʻlyozmalar kelgusida Oʻzbekiston bilan qoʻshma koʻrgazmalarda namoyish etilishi mumkin, — deydi u.

 

Fifta Vardxani Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi tashabbusini yuqori baholar ekan, bu maskan butun dunyo uchun muhim ilmiy markazga aylanishiga ishonch bildirdi:

 

— Agar Oʻzbekiston bu markazni islom tarixi va buyuk olimlar merosini oʻrganish markaziga aylantira olsa, bu nafaqat mamlakat, balki butun dunyo uchun katta yutuq boʻladi. Chunki u yerga talabalar, olimlar va tadqiqotchilar kelib, islom tarixi haqida toʻliq bilim olish imkoniga ega boʻladi, — deya taʼkidladi indoneziyalik mutaxassis.