Islom sivilizatsiyasi markazining muzeyida siz “Olimpiya chempioni”ga aylanasiz!

Sharof Rashidov, Islom Karimov va jadidlarning yangi haykallari bir maydonga o‘rnatiladi. Bu haqda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov,  Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi direktori, Ishchi guruh rahbari Otabek Hasanov hamda bo‘lim koordinatorlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan loyiha muhokamasida aytildi. 


Markaz muzeyining "Yangi O‘zbekiston - Yangi Renessans" bo‘limi ekspozitsiyasini takomillashtirish yuzasidan Rossiyaning "Sila sveta" kompaniyasi  bilan hamkorlik qilinayotgani avvalgi xabarlar orqali ochiqlangandi. Bugun bo‘lib o‘tgan taqdimotni aynan shu kompaniyaning dizaynerlari o‘tkazishdi.


Jarayonda "Sila sveta" kompaniyasi direktori Aleksandr Us "Yangi O‘zbekiston - Yangi Renessans" bo‘limining tarkibiy qismlari,  ekspozitsiya dizayni va undan o‘rin oladigan artefaktlar hamda media kontentlar haqida ma’lumot berdi. Taqdimot yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.


Taqdimot yakunida Aleksandr Us quyidagicha fikr bildirdi:


“O‘ylaymanki, bugungi taqdimot juda ajoyib o‘tdi. Markaz muzeyi  zamonaviy uskunalar orqali tarixdan so‘zlovchi ajoyib maskanga aylanadi.  U yerda “VR” va “AR” qurilmalaridan tashqari jadidlar, Islom Karimov, Sharof Rashidov hamda o‘zbek yozuvchilari o‘zlari foydalangan predmetlar va buyumlarning asl namunalari ham bo‘ladi.”

 

Muzeyda “Chempion oynasi” nomli maxsus “VR” va “AR” qurilmalari bilan jihozlangan burchak tashkil etiladi. U yerda siz olimpiya o‘yinlari qatoriga kiritilgan istalgan sport turini tanlashingiz mumkin. Zamonaviy texnologiyalar esa maxsus oynadagi aksingizni aynan mana shu sport turiga mos tushuvchi kiyim va medallar bilan ko‘rsatadi.


Bu hammasi emas! Bundanda qiziq ma’lumotlarni keyingi xabarlarlimiz orqali bilib olishingiz mumkin.